AQSh g‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam bergani uchun Qirg‘izistonga nisbatan cheklov choralarini qo‘llashga tayyorlanmoqda, deb yozadi The Washington Post (WP) 18 iyul, seshanba kuni AQSh ma’muriyatidagi manbalariga tayanib. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Bishkekka nisbatan cheklov choralari iyul oyidayoq joriy etilishi mumkin. Manbalar gap qanday choralar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq bunday hollarda avvalroq sanksiyalar va kompaniyalarning qora ro‘yxati qo‘llanilganini eslatdi.
Ukrainada harbiy harakatlar boshlanishi va undan keyingi sanksiyalardan so‘ng Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi g‘ayritabiiy darajada o‘sdi, deya qayd etadi WP. Taxminlarga ko‘ra, ushbu davlatlar, jumladan, Qirg‘iziston orqali Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish taqiqlangan mahsulot yetkazib beriladi.
The Washington Post Qirg‘izistonning AQShdagi elchixonasi bilan izoh uchun bog‘landi, u yerda Bishkek noqonuniy savdoga qarshi kurashning qat’iy tarafdori ekanligi bildirilgan. Diplomatik missiya Rossiya bilan tovar ayirboshlashning o‘sishini, jumladan, chegaradan o‘tayotgan tovarlarni kuzatish tizimi takomillashtirilgani bilan bog‘ladi. Shuningdek, elchixona Rossiya Qirg‘izistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lib, Rossiya hududida bir millionga yaqin Qirg‘iziston fuqarosi istiqomat qilayotganini eslatgan.

















