“Butunlay yopilish ostonasidamiz” - “Sof.uz” rahbari “Anorbank” bilan davom etayotgan sud jarayoni haqida
«Anorbank» 2022 yil noyabrida «ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgani uchun» Sof.uz nashri ustidan sudga da’vo kiritgan edi. Shu kunga qadar ish doirasida bir necha bor sud jarayoni bo‘lib o‘tgan. Hozirga qadar o‘tgan ishlarda sud Sof.uz nashridan bank foydasiga 3,7 mlrd so‘m miqdorida zarar to‘lash bo‘yicha qarorini o‘zgarishsiz qoldirmoqda.
Kun.uz muxbiri saytning sud jarayonlari boshlangan vaqtdagi bosh muharriri va nashr mansub “Komil unsur” MChJ direktori Muslim Mirzajonovga sud jarayonlariga oid bir necha savol bilan murojaat qildi.
— Siz bosh muharriri bo‘lgan Sof.uz sayti va «Anorbank» o‘rtasida kelishmovchilik, sud jarayoni davom etmoqda. Bunga qadar bir necha sud majlisi o‘tdi va saytga tayinlangan jarima o‘z kuchida qolmoqda. Xo‘sh, hozir ish qaysi jarayonda?
— Hozir Sof.uz saytida bosh muharrir boshqa odam bo‘lgan. “Komil unsur” MChJ firmasining ta’sischisi bo‘lganim uchun sudlarda ishtirok etyapman. “Anorbank” bilan bog‘liq materialni tayyorlaganlar ham boshqa jurnalistlar.
Kelishuv masalasi ko‘tarilganda, yo‘q demaganman. Lekin ular qo‘yayotgan talablarga rozi bo‘lmaganmiz, chunki o‘zimizni aybdor deb e’lon qilishimizni so‘rashgan. U material murojaatchi bergan ma’lumotlarga asoslangan edi. Birinchi sud majlisi fuqarolik sudida ko‘rilishi kerak edi, lekin iqtisodiy sudga oshirishdi. “Anorbank” tomoni qaror yuzasidan apellyatsiya berdi. Va u yerda 3 mlrd 700 mln so‘mdan ko‘proq jarima to‘lashimiz belgilandi. Biz bu sud qarori yuzasidan Oliy sudga apellyatsiya bergan edik, lekin ular ham jarimani o‘zgartirishmadi. Takroriy shikoyat berganmiz hozir.
— Aytilgan summani to‘lashga saytning imkoniyati bormi yoki sud qarori o‘zgarmasa, biz yana bitta OAV bilan xayrlashamizmi?
— Sof.uz yangi sayt. Hali ko‘p xodimlar ham ishlamasdi, moliyaviy imkoniyatlari yuqori emas. Vaziyatda sudning qarori ham kulgili. Ularning da’vosiga ko‘ra, to‘kilgan obro‘ni tiklash uchun bir nechta sayt bilan shartnoma imzolashgan va aytilayotgan summa shunga asoslangan. Savol tug‘iladi: demak, bank Sof.uz'da material chiqishidan oldin reklama uchun pul ajratmaganmi? Nega o‘z reklamasi uchun berilgan mablag‘ni sayt hisobidan undirmoqchi? O‘zi yetkazilgan zarar reklama puli bilan hisoblanishi — xato. Vaziyat kulgili va ayanchli. Mijozlar, aktivlar kamaygani bilan hisoblanishi kerak edi.
Oxirgi sud jarayonida advokatimiz kasal ekanini, Oliy sudga berilgan murojaat javobi chiqmaganini aytib, sudni boshqa kunga qoldirishni so‘rab iltimosnoma kiritdim. Ammo inobatga olishmadi, jarayon bilan tanishishmadi ham. Shunchaki pulni yelkamizga ilishdi.
— “Anorbank” faoliyati tanqid qilingan o‘sha videomaterial “Kompromat uzb” faoliyati bilan bog‘liq edimi?
— Unday emas. “Anorbank” bilan bo‘lgan ishning Xurshid Daliyevga aloqasi yo‘q. O‘sha material chiqishida muharrir menga ham ko‘rsatgan edi, men o‘z maslahatimni berganman. Bunday materiallar oldin ham chiqqan edi. Xurshid Daliyevga bog‘lashga urinishyapti lekin. Balki sud qaroriga ta’sir qilayotgandir bu ishlar ham. Tabiiy ravishda Xurshid Daliyev bilan hamkor edik.
— “Anorbank” bilan kelishish tarafdori bo‘lganingizni aytdingiz. Lekin bank rahbariyati ham ish boshida sizlar kelishish tarafdori bo‘lganini aytgandi. Endi bundan keyin kelishuv imkoniyati qanchalik?
— Ta’kidlaganimdek, sudda ham, boshqa vaziyatda ham kelishuv tarafdori bo‘lganman. Raddiya berishsa, chiqarib berishimizni ham aytganman. Lekin sudda ular raddiyaga bog‘liq ma’naviy zarardan kechamiz, faqat iqtisodiy zararni undiramiz, deyishgan. To‘g‘ri, ular ham kelishuv taklif qildi, lekin bizga qo‘ygan talablari to‘g‘ri kelmadi, yuqorida aytganimdek. Biz hech qanday yolg‘on axborot bermaganmiz.
— So‘nggi vaqtlarda jurnalistlarni davlat idoralari, mansabdor shaxslar tomonidan sudga berish holatlari ko‘payib boryapti. Sizningcha, bu vaziyat nimani bildiradi?
— Achinarli holat bu. So‘z erkinligiga tahdid sifatida baholash mumkin. Xalqaro tajribada prinsip nuqtai nazaridan juda kam mablag‘ belgilanadi sudlarda, ya’ni haqlikni isbotlashga qaratiladi asosiy maqsad. Bizda esa jurnalistni sindirib, tahririyatni butkul yopishga harakat qilishadi. Jurnalist sifatida shunday deb bilaman.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
21:24 / 05.04.2023
OAV bo‘yniga 3,7 mlrd so‘m - zararni undirishmi yoki so‘z erkinligiga tahdid?
18:49 / 05.04.2023
Sud Sof.uz nashridan «Anorbank» foydasiga 3,7 mlrd so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqardi
19:00 / 23.03.2023
"ANORBANK" AJ "TASHKENT DIGITAL MARKETING FORUM 2023" xalqaro marketing forumining bosh hamkori bo‘ldi
15:15 / 12.12.2022