Andrey Loshak: Uzilgan aloqalar
Andrey Loshak – rossiyalik taniqli jurnalist. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin mamlakatni tark etgan. 2022 yilda Current Time telekanali bilan hamkorlikda Rossiyaning Ukrainaga bosqini Rossiyadagi oilalarni qanday vayron qilgani haqida «Uzilgan aloqalar» («Razryv svyazi») nomli hujjatli film suratga olgan. Filmda yaqin odamlarning bir-birlari bilan muloqot qilish va eshitishni to‘xtatgani va rus televideniyesidagi jangari ritorikaning oilalar ichidagi shaxsiy munosabatlarga ta’siri hikoya qilinadi.
Ikki oy davomida muallif Rossiyada va xorijda yashovchi yetti oiladagi munosabatlar dinamikasini o‘rgandi. Filmda muallif ona va bola, er va xotin, aka-uka va opa-singillar bir-birlariga emas, balki shubhasiz televizorga ishonishi ko‘rsatilgan. U axborotni tanqidiy idrok qilishni unutgan jamiyat bir qismining shafqatsiz tashxisi, shuningdek, televizor yoqilib Rossiya kanallari qo‘yilgan paytda oila a’zolari o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yib bo‘lmasligining ayanchli isbotidir.
2023 yilda Rossiya adliya vazirligi Andrey Loshakni «xorijiy agentlar» reyestriga qo‘shdi. Vazirlik uni xorij agentlari tomonidan materiallarni yaratish va tarqatishda ishtirok etgan, Rossiya davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar va ularning siyosati, shu jumladan, mudofaa vazirligi faoliyati to‘g‘risida «salbiy ma’lumot» tarqatgan deb baholadi. Shuningdek, Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan va «xorijiy tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilgani» iddao qilindi.
Jurnalist Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ayrim savollarga javob berdi.

– YouTube orqali Rossiyada qolgan vatandoshlaringiz bilan muloqot qilishingizni aytasiz, ularning hozirgi kayfiyati qanday, nimalarni his qilishyapti?
– Hozir Rossiyadagilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot yo‘q. Ularning kayfiyatini, kechinmalarini videolarim ostidagi izohlardan bila olaman. Odamlar «Razryv svyazi» filmidan juda minnatdorligini ko‘ryapman. Filmda deyarli barcha rossiyaliklar uchun og‘riqli masala ko‘tarilgan.

















