OAV: Borrel Ukraina qurolli kuchlariga yordam uchun 20 mlrd yevro ajratishni taklif qildi
Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Ukrainaga harbiy yordam fondini 20 milliard yevroga oshirishni taklif qildi, deb yozadi FAZ va Politico.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi davlatlariga Ukrainaga harbiy yordamni 20 milliard yevroga oshirishni taklif qildi. Bu haqda 19 iyul, chorshanba kuni Germaniyaning Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) gazetasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Yevropa diplomatiyasi rahbari Ukraina harbiy ehtiyojlarini qoplash uchun 2024 yildan 2027 yilgacha har yili taxminan 5 milliard yevro ajratishni taklif qilgan. Bu masalaning birinchi muhokamasi 20 iyul, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ko‘tarilishi kutilmoqda, deb yozadi FAZ.
«Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish uchun mavjud imkoniyatlar 2023 yil sentabrigacha tugaydi», deyiladi FAZ tomonidan keltirilgan Borrell hisobotida. Hisobotga ko‘ra, qo‘shimcha mablag‘lar Yevropa tinchlik jamg‘armasiga (YeTJ) o‘tkazilishi kerak. Bu fonddan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukrainaga beriladigan qurol va o‘q-dorilar uchun qisman tovon puli olishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqi Ukraina armiyasini ta’minoti uchun 20 milliard yevro ajratish niyatida ekani haqida Politico ushbu rejalar bilan tanish bo‘lgan bir necha diplomatlarga tayanib xabar bergan edi. Shu bilan birga, YeI Ukraina uchun qurol sotib olishni to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirmasligi, balki a’zo davlatlarga o‘q-dorilar, raketalar va tanklarni xarid qilish va Kiyevga yetkazish xarajatlarini qoplashga yordam berishi ma’lum qilingan. Bundan tashqari, YeI jamg‘armasi Ukraina harbiylarini tayyorlash uchun to‘lovlar to‘lashga yordam beradi.
Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi davlatlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasiga 5,5 milliard yevro ajratdi. Iyun oyi oxirida YeI tashqi ishlar vazirlari bu miqdorni yana 3,5 milliard yevroga oshirishga kelishib oldi. Biroq, ayni damda Vengriya Ukrainaga 500 million yevro miqdoridagi harbiy yordamning navbatdagi transhiga to‘sqinlik qilmoqda.
Mavzuga oid
22:05 / 19.11.2024
Endi bizda ATACMS bor, undan foydalanamiz - Zelenskiy
20:58 / 19.11.2024
Baydenning ruxsati urushning borishiga qanday ta’sir qiladi?
18:44 / 19.11.2024
Ukraina ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga birinchi zarbani berdi
16:15 / 19.11.2024