Ukrainada urushning 514-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Anneksiya qilingan Qrimdagi Krasnogvardeyskiy rayonida o‘q-dori omboriga dronlar hujum qildi.
- Rossiya nashrlarining bir guruh xodimlari Zaporijjya oblastining anneksiya qilingan qismida artilleriya zarbasi ostida qoldi. RIA Novosti korrespondenti Rostislav Juravlev halok bo‘lgan, yana uch xodim yaralangan. RF mudofaa vazirligi jurnalistlarlar bo‘lgan joy kassetali o‘q-dorilar bilan o‘qqa tutilgani haqida xabar bergan.
- Deutsche Welle nashri ham mediakompaniya operatori Donetsk oblasti kassetali o‘q-dorilar bilan o‘qqa tutilishi oqibatida yaralanganini ma’lum qildi.
- Moskva oblastida qurollangan shaxs xususiy uyga qamalib oldi va politsiyachilarga o‘q uzdi. U urushdan qaytib kelgani va Kremlga borishga tayyorligini aytgan. Shturm vaqtida uni otib o‘ldirishgan.
- Prigojin Belarusning Mogilev oblastida kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Vagnerchilar Rossiyadagi isyondan keyin borib joylashgan lager ham shu oblastda joylashgan.
Kun kadri. Odessa yaqinidagi g‘alla omborining zarbadan keyingi ko‘rinishi
RF qo‘shinlari Qrim ko‘prigida 17 iyul kuni ro‘y bergan portlashga javoban Ukrainaning janubiy regionlarini o‘qqa tutishda davom etmoqda. 21 iyulga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Odessa oblastidagi agrokorxonalardan birining g‘alla terminaliga raketa zarbasi yo‘lladi.
Ukraina qurolli kuchlari «Janub» operativ qo‘mondonligi rasmiysi Natalya Gumenyukning so‘zlariga ko‘ra, «Kalibr» rusumli raketalar Qora dengiz akvatoriyasida turgan kemadan uchirilgan. Shu kuni RF mudofaa vazirligi Qora dengizda «kemalar qatnovi vaqtincha yopilgan hududni ihotalash» bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazilgani haqida xabar bergandi. Vazirlikdan ma’lum qilishlaricha, «RFga qarshi terrorchilik aktlari tayyorlanayotgan» obektlar bo‘ylab navbatdagi zarbalar yo‘llangan.
«Suspilne» nashri xabariga ko‘ra, hujum oqibatida ikki kishi jarohat olib, 100 tonna no‘xat va 20 tonna arpa yo‘q qilingan.



































