Tojikistonning Asia-plus nashri Markaziy Osiyo va boshqa bir qator davlatlardagi deputatlarining oylik maoshini taqqosladi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari ichida Qozog‘iston deputatlari eng ko‘p, O‘zbekiston deputatlari eng kam maosh olishi keltirilgan.
Qayd qilinishicha, Qozog‘iston deputatlarining maoshi 2050 AQSh dollariga teng (23,8 mln so‘m). Undan keyingi o‘rinlarda Tojikiston deputatlari – 688 dollar (8 mln so‘m) va Qirg‘iziston deputatlari – 500 dollar (5,8 mln so‘m). O‘zbekiston deputatlari 380 dollar (4,4 mln so‘m) maosh bilan so‘nggi o‘rinda qayd etilgan. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q. Bu borada nashr muxbirlari o‘zbek deputatlarining maoshlari haqidagi ma’lumotlarni ochiq manbalardan olgan bo‘lishi mumkin.
Manba keltirgan qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, Belarus deputatlari 950 dollar (11 mln so‘m), Buyuk Britaniya deputatlari 5950 dollar (69 mln so‘m), Rossiya deputatlari 6850 dollar (79 mln so‘m), Yevroparlament deputatlari 7500 dollar (87 mln so‘m) maosh oladi.
Kun.uz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qancha maosh olishi haqidagi ma’lumotlarni o‘rgandi.
“Yashirin” maosh
Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga maxsus bank kartalari berilgan. 2021 yilda bu plastik kartochkaga har bir deputat uchun oyiga 10 mln so‘mdan pul tushirib berilgan. Bundan tashqari, ularga 7-8 million so‘m atrofida oylik maosh to‘langan. Natijada deputatlar har oy 17-18 mln so‘m daromad ko‘rgan.
Bu borada Kun.uz muxbiri Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nechta deputatlari bilan suhbatlashdi. Xalq vakillari har oy plastik kartaga 10 mln so‘mdan olayotgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.
“Ha, har oy bank kartamga 10 mln so‘m olaman. Bu yaxshi ishlashimiz va moliyaviy muammolar haqida o‘ylamasligimiz uchun qilingan. Hamma narsa mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan. Pul maxsus hisobvaraqlardan ajratiladi”, – dedi ismi sir qolish sharti bilan gapirgan deputatlardan biri.
Hukumatdagi bir qancha manbalarning tasdiqlashicha, hozirda deputatlar oyiga o‘rtacha 18 mln so‘m pul oladi. Nima uchun bu ma’lumot ochiq aytilmasligi haqidagi savolga esa javob berilmadi.

















