Frontdagi vaziyat haqida qisqacha

Chorshanba kuni RF mudofaa vazirligi Xarkiv oblastida Molchanovo (ukraincha nomi Movchanove) temiryo‘l stansiyasi egallangani haqida xabar berdi.

Molchanovo Xarkiv oblastining Liman Perviy qishloqchasi chekkasida, Oskol daryosi sohilida, Ukrainaning Kupyansk va Rossiyaning Valuyki shahrini bog‘lovchi temiryo‘l liniyasida joylashgan.

Rossiyaliklar bir qancha yo‘nalishlarda – Kupyansk va Borovoyega, Karmazinovka va Nevskoyega, Torskoye, Serebryanskiy o‘rmoni va Bilohorivkaga hujum qilmoqda. Har tomonda shiddatli janglar kechmoqda, Rossiya qo‘shinlari Kupyanskdan shimolda va shimoli-sharqda, ya’ni Liman Perviy hududida kichik taktik yutuqlarga erishgan – taxminan 1,5-2 km masofaga ilgarilangan.

Ular Kupyanskdan janubi-sharqda ham, Stelmaxovka qishlog‘i yo‘nalishida oldinga harakat qilmoqda. Rossiya armiyasida boshqa yo‘nalishlarda siljish yo‘q.

Bu vaqtda ukrain qismlari Baxmutdan shimolda va janubda hujumlarni davom ettirmoqda. Chorshanba kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi spikeri Andrey Kovalev rossiyaliklar shimoliy qanotda Orexovo-Vasilevka yaqinidagi pozitsiyalaridan surib chiqilganini xabar qildi.

Janubiy frontda Rossiya qo‘mondonligi allaqachon rossiyaliklar mudofaasining ikkinchi liniyasiga hujum qilayotgan ukrain qo‘shinlarini to‘xtatish uchun Staromlinovka qishlog‘i (Berdyansk yo‘nalishi) yaqiniga zaxiralarini olib kelgan. Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya oblastidagi boshqa frontlarda ham kichik yutuqlarga erishmoqda.

Donetsk hududida, Avdiyivka va Maryinka shaharlari atrofida ham faol harbiy harakatlar tingani yo‘q. Lekin bu hududda tomonlarning hech biri bir-birining nazoratidagi muhim hududlarni egallay olgani yo‘q.

«Ular qulay fursat kutmoqda»

17 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari Sharqiy kuchlari guruhi spikeri Sergey Cherevatiy Rossiya Luhansk va Xarkiv oblastlari chegarasiga 100 mingdan ortiq kishi, 900 dan ortiq tank, 555 dona artilleriya tizimlari, 370 ta baravar o‘t ochish raketa tizimlarini — «eng yaxshi desant va motopiyoda bo‘linmalari, BARSdagi zaxiralari, hududiy qo‘shinlar, xususiy harbiy kompaniyalar jangchilari, „Shtorm-Z“ guruhini — hujumga o‘tish va Ukraina mudofaasini kesib o‘tish maqsadida olib kelgani» haqida ma’lum qilgandi.

Rossiya armiyasi Kupyansk yo‘nalishida faol hujum amaliyotlarini iyul oyi boshlarida boshlagandi, Ukraina qurolli kuchlarini Kreminna, Severodonetsk va endi Baxmutga tahdid solayotgan Seversk bo‘rtig‘idan surib tashlash uchun esa o‘tgan yildan buyon harakat qilmoqda.