Jahon | 08:33 / 25.07.2023
3601
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil parlamenti Oliy sud vakolatlarini chekladi

Knesset munozarali sud-huquq islohotlari paketidagi birinchi qonun loyihasini qabul qildi. Muxolifat minglab fuqarolarni namoyishga olib chiqdi. Namoyishlarga yirik tadbirkorlar qo‘shildi.

Foto: Ronaldo Schemidt/AFP via Getty Images

Isroil parlamenti (Knesset) 24 iyul, dushanba kuni munozarali sud-huquq islohoti to‘plamidan birinchi qonun loyihasini qabul qildi. Yangilik asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan qonun loyihasi Oliy sudning hukumat tomonidan qabul qilingan qarorlarni bekor qilish vakolatini cheklaydi.

Islohot tanqidchilarining fikricha, tuzatishlar hukumatni nazorat qilishning eng samarali mexanizmlaridan birini olib tashlash orqali hokimiyatni suiiste’mol qilish imkoniyatlarini yaratadi. Knessetdagi muxolifat deputatlari qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berishni boykot qildi, hukmron koalitsiyaning 64 a’zosi uni yoqlab chiqdi. Hujjatni qabul qilish uchun bu yetarli bo‘ldi.

Sud-huquq islohotining boshqa qoidalari Oliy sud sudyalarini tayinlash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutadi. Dushanba kuni u bo‘yicha ovoz berilmadi. Muxolifat fikricha, mamlakatda sud-huquq islohotining amalga oshirilishi mustaqil sud hokimiyati yo‘qolishiga olib keladi va demokratiya asoslariga putur yetkazadi.

Isroilda sud-huquq islohoti bilan bog‘liq bahslar ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Olti oydan beri mamlakatning o‘n minglab fuqarolari Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi mamlakat hukumati siyosatidan noroziligini bildirib, namoyish o‘tkazmoqda. Isroil prezidenti Itsxak Gersog dushanba kuni norozilik namoyishlari mamlakatda favqulodda vaziyat yaratganini, ammo murosa qilish uchun joy borligini, shuning uchun endi barcha tomonlar inqirozni hal qilish uchun mas’uliyat ko‘rsatishi kerakligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid