

Saytimiz orqali respublikaning bir necha ko‘chalarida qurilish obektlari piyodalar yo‘laklarini ham o‘zboshimchalik bilan egallab olayotgan holatlar aks etgan maqolani e’lon qilgan edik. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik vazirligi tomonidan bildirilgan munosabatda haqiqatan ham maqolada ko‘rsatilgan holatlar o‘rinli ekanligi ma’lum qilingan. Vazirlikka ko‘ra, Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan mazkur holatlar manzillarga chiqqan holda o‘rganilib, mas’ullarga mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Xususan, maqolada ko‘rsatib o‘tilgan obektlar atrofi joyida tozalanib, tartibga keltirilayotganini vazirlik taqdim etgan tasvirlardan ko‘rish mumkin.


Mirobod tumani Sodiq Azimov ko‘chasidagi qurilish obektida yaqinida ham havoga chang ko‘tarilmaslik choralari ko‘rilib, asfalt yo‘lga zarar yetkazilgan joylar to‘g‘rilangan va trotuarlar piyodalar o‘tishi uchun qulay holatga keltirilgan. Shuningdek, nazorat ishlari hududlar bo‘ylab davom etishi ham ma’lum qilingan.

Endigi bosqichda ochilgan trotuarlarni shu holicha qoldirmasdan, jismoniy imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga ham qulaylik yaratiladi. Bu ishlar ham tez orada bajarilishiga umid qilamiz.























