Insayder Janluka Di Marsio xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik 28 yoshli futbolchi dushanba kuni «Kalyari»da tibbiy ko‘rikdan o‘tgan.
«Yangi chaqiruvga tayyormanmi? Albatta! «Kalyari»ga o‘tayotganimdan juda ham xursandman», - deya Eldor Shomurodovning so‘zlarini keltirgan Di Marsio.
«Roma»ga Shomurodovning bir yillik ijarasi uchun 1 million yevro to‘lanadi va 2024 yilning yozida «Kalyari» Eldorni 9 million yevroga sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Tomonlar «1+3» shaklida shartnoma imzolaydi. O‘zbekistonlik forvardning ijara muddati davomidagi maoshining 50 foizini «Kalyari» to‘lasa, qolgan yarmini Rim klubi to‘lashda davom etadi.
Avvalroq, Shomurodovning «Roma»dagi yillik maoshi 2 million yevroni tashkil etishi haqida xabarlar tarqalgandi.
Eslatib o‘tamiz, italiyalik 71 yoshli taniqli mutaxassis Klaudio Raneri yanvar oyida «Kalyari» bosh murabbiyiga aylangach, B Seriyada 14-o‘rinda borayotgan klubni yarim yil ichida peshqadamlar safiga ko‘tarib, mavsum yakunida pley-off orqali A Seriyaga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

















