Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi Qushchi mahallasida noma’lum maxluq bir oydirki aholi chorvasiga ziyon yetkazmoqda. Asosan buzoqlarni yelka qismidan g‘ajib ketayotgan yirtqichni ko‘rganlar u itga o‘xshashini, ammo na it va na bo‘ri ekanligini ta’kidlayapti. Aholi qishloqqa tobora yaqinlashayotgan yirtqich odamlarga ham tashlanib qolishidan xavotirda. Mas’ullar esa hozircha masalaga e’tibor qaratishmagan.
Noma’lum yirtqich chegara yonida joylashgan qishloqqa qo‘shni Tojikistondagi tog‘li hududdan tushib kelgan, deya taxmin qilinmoqda. U o‘tgan bir oy mobaynida o‘nga yaqin buzoqni bir xil uslubda – yelka qismidan bo‘g‘izlab ketgan.


Asosan yarim tunda hujumga o‘tayotgan noma’lum maxluqni tasodifan ko‘rib qolganlar bor. Qishloqda yashovchi fuqarolardan biri uni hatto mashina ichidan g‘ira-shira suratga olishga ham ulgurgan. Odamlarning tasvirlashicha, yirtqich katta itga o‘xshaydi, biroq it ham, bo‘ri ham, shoqol ham emas. Sababi, bo‘ri chorvani asosan bo‘yin qismidan bo‘g‘izlaydi, shoqol esa buzoqqa hamla qilolmaydi.

Mahalla erkaklari to‘da bo‘lishib, kechqurunlari bir necha bor maxluqni izlab ko‘rishgan. Qidiruv ishlariga ovchilar ham jalb etilgan. Biroq ularning noma’lum hayvonni tutish borasidagi harakatlari samarasiz bo‘lyapti.
“G‘alati voqealar bo‘lyapti mahallamizda: noma’lum maxluq kelib, buzoqlarga zarar yetkazyapti. Buzoqni yiqitib, qonini ichadi, yelkasini yeydi. Shu bilan yo‘q, topolmayapmiz. Kechqurun soat 1-4 orasida bo‘lyapti bu narsalar. Ko‘rganlar itga o‘xshaydi deyapti, faqat bo‘yni uzunroq, qulog‘i kalta va tik ekan.
Maxluq asosan 1 yoshgacha bo‘lgan buzoqlarning yelkasidan olyapti. Avvaliga qonini ichadi, keyin go‘shtini yeydi. Yelkasidan 2-3 kg go‘shtni yegach buzoq yotib qolyapti. Egasi nima qilishini bilmay, so‘yib ko‘mib tashlashga majbur bo‘lyapti”, deydi mahalla faoli Oybek Abdurahimov.













