Xitoydagi davlat nashrlari xabariga ko‘ra, seshanba kuni ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri, bir oy mobaynida jamoatchilikka ko‘rinish bermagan Chin Gang lavozimdan chetlatildi.
«Xitoyning oliy qonun chiqaruvchi organi seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Van Ini tashqi ishlar vaziri etib tayinlash uchun ovoz berdi... Chin Gang tashqi ishlar vaziri lavozimidan chetlatildi», deyilgan Xinhua davlat agentligi xabarida.
Xabarda Chin Gangning chetlatilishi sababi keltirilmagan, ammo XXR raisi Si Jinping uning o‘rniga yangi vazir tayinlash haqidagi farmoniga imzo chekkani aytilgan.
Chin rais Sining ishonchli odamlaridan hisoblangan va ko‘p tahlilchilar uning so‘nggi yillarda diplomatik pog‘onalardan tezlik bilan ko‘tarilganini ularning yaqin munosabatlari bilan bog‘lagandi.
Oxirgi bir necha hafta mobaynida Xitoy rasmiylari Chin Gangning taqdiri to‘g‘risida sukut saqlashni lozim topdi, u 25 iyun kuni Pekinda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko bilan uchrashganidan keyin jamoatchilikka ko‘rinish bermayapti.
Uning g‘oyib bo‘lib qolishi u yoki lavozimdan chetlatilgani yoki unga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani haqidagi taxminlar to‘lqinini keltirib chiqardi.
Bu vaqt mobaynida TIV rahbari vazifalarini kommunistik partiyaning tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Van I bajarib turdi. Hukumat iyerarxiyasida u Chindan yuqoriroq turadi.
Van I 2013 yildan 2022 yil dekabriga qadar ham Xitoy tashqi ishlar mahkamasiga rahbarlik qilgandi.
Salomatligi holati tufaylimi?

57 yoshda bo‘lgan Chin Gang vazirlik lavozimini 2022 yil dekabrida egallagan va kommunistik Xitoy tarixida bu lavozimga kelgan eng yosh diplomat bo‘lgandi. Ungacha esa Xitoyning AQShdagi elchisi sifatida ishlagan.
25 iyundan keyin u jamoatchilik qarshisiga chiqmadi, bu esa internetning Xitoy segmentida u bilan nima bo‘lgani to‘g‘risida son-sanoqsiz versiyalarni keltirib chiqardi. Sharhlovchilar esa boshqa narsalar qatori bu safar TIV rahbari g‘oyib bo‘lgani haqidagi xabar negadir senzura qilinmayotganiga e’tibor qaratishdi.
















