Britaniyaning Guardian gazetasi yozishicha, 57 yoshli diplomatning yo‘q bo‘lib qolishi Pekin AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga urinayotgan va xitoylik bir qancha yuqori martabali amaldorlar amerikalik hamkasblari bilan uchrashishni rejalashtirgan mahalga to‘g‘ri kelganini qayd etdi.

Shu bilan birga Xitoy TIV rasmiy vakillari o‘z rahbarining taqdiri haqidagi savollarga aniq javob qaytarmayapti.

Dushanba kuni tashqi ishlar vazirligidagi brifingda vazirlik rasmiysi Mao Nin Chin Gang qayerda ekani haqidagi savolga javoban unda taqdim etish uchun ma’lumot yo‘qligini aytdi.

Xitoyda yuqori martabali mulozimlarning to‘satdan g‘oyib bo‘lib qolishi ularning jiddiy muammolarga duch kelganini anglatishi mumkin. Shu tufayli Mao Ninning javobi TIV rahbari taqdiri haqida mish-mishlar va shubhalarning butun bir to‘lqinini keltirib chiqardi.

«U nima deyishni bilmaydimi?» — deya munosabat bildiradi Xitoydagi Weibo ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri TIV videoklipiga. «Bunday javob jiddiy xavotir uyg‘otadi», — deya yozgan yana bir  foydalanuvchi.

G‘oyib bo‘lgan vazir

Chin Gangning nomi so‘nggi bor 25 iyun kungi yangiliklarda tilga olingandi, o‘shanda u Pekinda Shri-Lankadan kelgan hamkasbi bilan uchrashgandi.

Chin Gang amerikalik hamkasbi, davlat kotibi Entoni Blinken bilan, 2023 yil 17 iyun.
Foto: Getty Images

Shundan keyingi tadbirlarda u ko‘rinish bermadi. Xususan:

  • Chin Gang AQSh moliya vazirligi rahbari Janet Yyellen bilan o‘tkazilgan muzokaralarda qatnashgan Xitoy rasmiy shaxslari safida yo‘q edin.
  • U iqlim bo‘yicha muzokaralarda Jon Kerri bilan uchrashmadi.
  • O‘tgan haftada Chin Gang Indoneziyada Janubi-Sharqiy Osiyo millatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammitida Pekin delegatsiyasiga boshchilik qilishi kerak edi, ammo so‘nggi lahzalarda uni almashtirishdi. O‘shanda Xitoy TIV spikeri Van Venbin vazir sog‘ligidagi muammo tufayli Indoneziyaga bormasligini aytgandi, ammo tafsilotlarni keltirmagandi. Vazirlik saytida berilgan bayonotda vazirning sog‘ligi holati haqidagi so‘zlar tushirib qoldirildi. Delegatsiyaga vazir o‘rniga Xitoy TIVning sobiq rahbari, 2022 yil dekabridan Xitoy Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining xorijiy ishlar bo‘yicha komissiyasi apparati direktori bo‘lgan Van I rahbarlik qildi.