Kun.uz sammitning muhim nuqtalarini tahlil qilish uchun siyosatshunoslar Farhod Karimov va Nargiza Umarovalarni taklif qildi.

— Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan xalqaro sammitda qatnashdi. Saylovdan so‘ng ilk tashrif ramziy ma’no anglatishi sir emas. Ayting-chi, bu tashrif O‘zbekiston tashqi siyosatida qandaydir ma’noga egami yoki vaziyat taqozo qildimi?

Farhod Karimov: Bu sammit Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlarining siyosiy va iqtisodiy integratsiyasini tezlashtirish maqsadida o‘tkazildi. Sammit o‘tkazish masalasi ishtirokchi davlatlarning tashqi ishlari vazirlari tomonidan 2022 yil sentabr oyida kelishib olingandi. 2023 yil yanvarda sammitning kun tartibidagi masalalar va loyihalar ishlab chiqilgan. Saudiya Arabistoni tomoni taklifi bilan, 18-19 iyul kunlari tashkil etildi.

Farhod Karimov

Prezidentimizning birinchi tashrifi sifatida oladigan bo‘lsak, bu sammit oldindan belgilangan edi va ortga surib bo‘lmasdi. Oldingi saylovdan keyin prezidentimiz birinchi Turkmanistonga tashrif buyurgan edi. Bu esa tashqi siyosatda Markaziy Osiyo mintaqasi ustuvorligini bildirgan. Bu galgi tashrifning ramziy ma’nosi esa qo‘shni mintaqalar yaqinlashishi bo‘lishi ham mumkin.

Umuman, O‘zbekiston tashqi siyosati 2016 yildan beri transformatsiya bo‘lyapti. Bu esa vektorlarning ko‘payishi, ochiqlanishi, siyosiy kafolatlarning berilishida ko‘rinyapti. Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarda ham transformatsiyani ko‘rish mumkin.

— Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida Ko‘rfaz davlatlari bilan transport-logistika sohasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish zaruratini urg‘uladi. Mintaqalarimiz o‘rtasidagi transport bog‘liqlikning bugungi holati va muammolari haqida nima deya olasiz?

Nargiza Umarova: Ko‘rfaz arab davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirish masalasi prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan o‘rtaga chiqqan. Xususan, 2017 yil may oyida va o‘tgan yili Saudiya Arabistoniga tashriflar bo‘ldi. Bundan tashqari, BAA, Qatar kabi davlatlar bilan ham diplomatik aloqalar mustahkamlana boshlagan edi.