O‘zbekiston | 17:52 / 27.07.2023
12804
2 daqiqa o‘qiladi

​O‘zbekistonda mahalliy aviakompaniyalar soni 8 taga yetdi

O‘zbekistonda rezident aviakompaniyalar soni yana 4 taga ko‘payib, jami 8 taga yetdi. Yil boshidan beri ular tomonidan 17 ta samolyot olib kelindi.

Foto: Muhrim A’zamxo‘jayev

Transport vazirligi O‘zbekistonda rezident aviakompaniyalar va ularning samolyotlari soni oshganiga oid raqamlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, 2023 yilning birinchi yarmi davomida mamlakatda Centrum Air, Silk Avia, Asia Union Airlines va Tashkent Air nomli aviakompaniyalar tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshlagan. Shu tariqa, mahalliy aviatashuvchilar soni 8 taga yetgan: bunga qadar Uzbekistan Airways, Qanot Sharq, Panorama Airways va Humo Air aviakompaniyalari faoliyat yuritayotgan edi.

Qayd etilishicha, 2023 yilning 6 oyi davomida Uzbekistan Airways va yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalar tomonidan 17 ta havo kemalari olib kelingan.

Bugungi kunda Uzbekistan Airways, Qanot Sharq, Centrum Air, Silk Avia df Humo Air aviakompaniyalari tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda haftasiga 93 ta muntazam aviaqatnov bajarilmoqda, deyiladi xabarda.

IATA–2023 yozgi mavsumida rezident va xorijiy aviakompaniyalarga haftasiga 697 ta chastotada xalqaro parvozlarni amalga oshirishga ruxsatnomalar taqdim etilgan.

Mavzuga oid