Foto: Reuters

Pxenyan Sergey Shoygu boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini, shuningdek, Xitoy rasmiylarini mamlakatga taklif qildi. Ular Pxenyandagi Koreya urushi yakunlanganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etadi.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan qurollar orasida «Xvason» qit’alararo ballistik raketasi ham bor. 2023 yil aprel oyida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan bu raketa Shimoliy Koreyaning qattiq yonilg‘idan foydalanadigan birinchi shunday raketasi hisoblanadi.

«Ko‘rgazmada, shuningdek, ikkita yangi konstruksiyadagi dron ham namoyish etilgan, jumladan, ular AQSh harbiy-havo kuchlari tomonidan qo‘llanadigan asosiy hujumchi zarbdor dronga o‘xshab ketadi», deya xabar beradi NK News (Shimoliy Koreyaga ixtisoslashtirilgan maxsus veb-sayt).

Rossiya davlat nashrlari ham bu haqda gapirmoqda. «Tashqi ko‘rinishiga ko‘ra, dronlar Amerikaning RQ-4 Global Hawk va MQ-9 Reaper modellarini eslatadi», deb yozadi RIA Novosti.

«Shoygu va Kim Chen In, shuningdek, qit’alararo ballistik raketalar, tanklar, zirhli transport vositalarini ham ko‘zdan kechirdi», deya xabar bergan RT.

Shoyguning tashrifi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sabab AQSh, Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasida geosiyosiy ziddiyat kuchaygan hamda Pxenyan Ukrainaga qarshi urushda qo‘llash uchun Moskvaga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani haqidagi shubhalar fonida amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2022 yil kuzida KXDR Rossiyaga artilleriya snaryadlari va qisqa masofali raketalar yetkazib berayotgani haqida taxminlar paydo bo‘lgan edi.

Pxenyan va Moskva buni qat’iyan rad etadi.

2023 yil mart oyida AQSh o‘z razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya Shimoliy Koreya tuzumiga KXDR har doim muhtoj bo‘lgan oziq-ovqat taklif qilish va evaziga Moskvaga urush olib borish uchun yetishmayotgan qurollarni olish bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Pxenyanga delegatsiya yuborishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.