Xususan, Bloomberg agentligi anonim qolishni so‘ragan amerikalik mulozimga tayangan holda, Ukraina janubda yurish harakatlarini faollashtirgani, shu bilan birga umuman qarshi hujum jadal tus ola boshlaganini yozdi.
New York Times Pentagondagi ikki manbaga asoslanib, Ukraina qo‘mondonligi Vashingtonni asosiy zarba yo‘nalishida – Zaporijjya oblastida Orixiv shahridan janubda qarshi hujumning yangi bosqichi boshlanganidan xabardor qilganini xabar qildi.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina QK qarshi hujum uchun maxsus tayyorlangan va shu vaqtgacha zaxirada ushlab turilgan yangi tuzilmalarining bir qismini jangga tashlagan.
Qarshi hujumning yangi bosqichi boshlangani haqida Amerika urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ham yozgan. Institut mutaxassislari hisoblashicha, ukrain qo‘shini Rossiya mudofaasining birinchi chizig‘ini buzishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Shu vaqtga qadar ukrain armiyasi frontning bir necha uchastkalarida yurish amaliyotlari o‘tkazmoqda, kuzatuvchilar buni Rossiya mudofaasidagi zaif joylarni qidirish yoki dushman zaxiralarini asosiy zarbadan uzoqlashtirishga qaratilgan aldamchi manyovrlar sifatida talqin qilishgan.
Barcha yo‘nalishlarda ukrain armiyasining harakati sekin kechgan, buni Ukraina qo‘mondonligi ham tan olgan. Ukraina qurolli kuchlariga zich minalangan maydonlar va havo kengliklari yopilmagani to‘sqinlik qildi.
Zaporijjyadagi zarba
26 iyul kuni Ukraina QK Zaporijjya oblasti g‘arbida mexanizatsiyalashgan qarshi hujum amaliyotini boshladi va aftidan, Rossiyaning Orixivdan janubdagi alohida tayyorlangan mudofaa pozitsiyalarini yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi, deya qayd etgan ISW tahlilchilari.
Ukraina Bosh shtabining janubdagi vaziyat bo‘yicha payshanba kuni tongda bergan hisobotida Ukraina mudofaa kuchlari hujum amaliyotlarini davom ettirayotgani va erishilgan marralarda mustahkam o‘rnashayotgani haqida kamtargina xabar qilingan.
Rossiyalik harbiy muxbirlarga ko‘ra, ukrainlar Orixivdan 10 km janubdagi Rabotine qishlog‘ining shimoli-sharqidagi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tgan. Tarqalgan videoyozuvlarga ko‘ra, ukrain qo‘shini Rabotine qishlog‘idan 2,5 km sharqdagi nuqtaga yetib kelgan, keyin Rossiya qo‘shini elastik mudofaaning standart taktikasini qo‘llagan va ukrainlar chekingan, ammo o‘zining boshlang‘ich pozitsiyalariga qaytib kelmagan.
Ukraina asosiy zarbani Orixiy yo‘nalishida berishga qaror qilganini boshqa bir qancha manbalar ham bilvosita tasdiqlaydi: New York Times muxbiri Karlotta Goll chorshanba kuni bu hududda Ukrainaning G‘arbda o‘qitilgan yangi tuzilmalarini uchratganini aytgan.




















