Jahon | 10:39 / 29.07.2023
11282
2 daqiqa o‘qiladi

Nigerda davlat to‘ntarishiga rahbarlik qilgan general o‘zini mamlakat yetakchisi deb e’lon qildi

General Abdurahmon Chiani Nigerdagi harbiy to‘ntarishni keng ko‘lamli muammolar va keng tarqalgan korrupsiya bilan izohladi. Yevropa Ittifoqi isyonchilarga Yevropa humanitar yordamidan mahrum etish bilan tahdid qildi. 

Abdurahmon Chiani / Videodan kadr

Nigerda harbiy to‘ntarishdan ikki kun o‘tib, prezident gvardiyasi qo‘mondoni general Abdurahmon Chiani o‘zini mamlakatning yangi rahbari deb e’lon qildi. 62 yoshli Chiani 28 iyul, juma kuni televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, o‘zini «Vatanni qutqarish milliy kengashi prezidenti» deb atadi. U harbiy to‘ntarishni Nigerdagi vaziyatning yomonlashuvi bilan izohladi.

Chianining so‘zlariga ko‘ra, isyonchilar tomonidan ag‘darilgan prezident Muhammad Bazum davrida odamlar mamlakatda hammasi joyida ekaniga ishontirilgan, biroq «haqiqat boshqacha edi – o‘ldirilganlar va ko‘chirilganlar, xo‘rlanganlar va umidsizlikka tushirilganlar son-sanoqsiz bo‘lgan». Mamlakatda iqtisodiy va xavfsizlik inqirozi, shuningdek, korrupsiya tufayli ko‘plab muammolar to‘planib qolgan, deydi u. 

Abdurahmon Chiani Niger prezident gvardiyasini 2011 yildan beri boshqarib keladi. 2018 yilda unga general unvoni berildi. 26 iyul kuni Niger harbiylari 1960 yilda Niger fransuz mustamlakachiligidan ozod bo‘lganidan keyin hukumatga tinch yo‘l bilan kelgan birinchi prezident Muhammad Bazumni hibsga oldi. Bazum oilasi a’zolari ham qamoqqa olingan. 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Nigerdagi to‘ntarishni «mutlaqo noqonuniy va nigerliklar, Niger va butun mintaqa uchun o‘ta xavfli» deb atadi. U Nigerda qonun va tartibni tiklash va prezident Bazumni ozod qilishga chaqirdi. 

Mavzuga oid