Bir paytlar yurtimizda cho‘lli hududlarga aholining bir qismi ko‘chirilib, ekin-tikin ekish, paxta yetishtirish, umuman, cho‘lni obod qilishga jalb etilgandi. Ammo bu loyiha bora-bora o‘zini oqlay olmadi. Ma’lum muddat samara bergandek bo‘ldi-yu, keyin barcha chora-tadbir chippakka chiqdi.

Chunki tabiat qonuniyatiga insoniyat tomonidan dahl qilinayotgandi. O‘z qonuniyatini majburiy tarzda o‘zgartirishga uringan bashariyatga qarshi tabiat isyon ko‘tardi. Bu isyonni sho‘rlashish, hosil bermaslik orqali namoyon qila boshlagandi. 

Ëzuvchi Luqmon Bo‘rixonning «Jaziramadagi odamlar» asarida tabiat qonuni bilan birgalikda insoniyat qonuniyati ham taqqoslangan holatda ko‘rsatib beriladi.

Syujyet:

Asarda 41-shirkat aholisi bo‘lmish cho‘lquvarlarning gohi sururli, gohi alamli, jo‘shqin voqea-hodisalarga to‘la hayoti aks etadi. Ko‘kalamzor qishloqlaridan cho‘lni obod qilish maqsadida kelgan qishloq odamlarining cho‘lga moslashishi og‘ir kechadi. 

Asar Samad ismli yigitcha tilidan hikoya qilinadi. Bola atrofidagi ko‘plab insonlarning xarakteri va yashash tarzlarini kinoyalar orqali ochib berishga urinadi. Asarda yumor, piching, kinoya yetakchilik qiladi.

Kitobxon 41-shirkat odamlarini umumiy tarzda sodda, go‘l, zamondan biroz ortda degan tushunchalarga borishi mumkin. Ammo ularning o‘ziga yarasha ayyorligini, quvligini, riyokorliklarini hikoyachining kinoyalaridan anglab olishimiz mumkin.

Samadning yon qo‘shnisi bo‘lmish O‘roqvoy shaharda o‘qirdi va u kutilmaganda Lolaxon ismli shaharlik qizni bir kun ichida to‘y qilib olib keladi. Samad bolalik muhabbati bilan Lolaxonga bog‘lanib qoladi va unda ayolga nisbatan beg‘ubor sevgi paydo bo‘ladi.

Lolaxon va O‘roq bitta farzandli bo‘lgach O‘roqvoyni harbiy xizmatga chaqirtirishadi. Afsuski, ko‘p o‘tmay uning jasadi temir sandiqda keladi. Qisqa muddat ichida qishloq aholisi O‘roqni qahramon hisoblab haykalini o‘rnatishadi va Lolaxonni uning bevasi sifatida sadoqat timsoliga aylantirishadi. 

Bid’at va xurofotlarga mukkasidan ketgan odamlar endi kimning to‘yi bo‘lsa, kelin va kuyov O‘roqvoyning haykali poyiga gul qo‘yib, haykal yonida turgan Lolaxonni tavof qilish odatini o‘ylab topishadi. 

O‘roqning ukasi Ashur asarda ko‘zbo‘yamachi, qayerda janjal bo‘lsa hozir-u nozir, umuman olganda, qishloqning old yigiti etib tasvirlanadi.