Yozgi transferlar davom etmoqda, yana bir qator futbolchilar o‘zlariga yangi klub topishdi, yana bir qancha transferlar hal bo‘lishi kutilmoqda. Quyida so‘nggi kunning eng qiziqarli transfer xabarlari dayjesti.

So‘nggi kunlarda amalga oshirilgan transferlar

Mahrez «Al-Ahli»ga o‘tdi

«Manchester Siti» jazoirlik havbek Riyoz Mahrez Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» klubiga o‘tganini e’lon qildi.

Ayni vaqtda 32 yoshda bo‘lgan futbolchi 2018 yilda «Lester»dan transfer qilingan va so‘nggi olti yilni «Manchester Siti»da o‘tkazgandi.

«Shaharliklar» futbolchi transferi uchun 35 million yevro olgan, shuningdek bonuslar va’da qilingan. Mahrezning o‘zi «Al-Ahli» bilan 2027 yilga qadar amal qiluvchi shartnomaga imzo chekkan. Ushbu klub bungacha darvozabon Eduard Mendi («Chelsi») va hujumchi Roberto Firminoni («Liverpul») o‘z safiga qo‘shib olgandi. 

«PSJ» Ikardini «Galatasaroy»ga sotdi

Argentinalik forvard Mauro Ikardi «Galatasaroy» klubining to‘laqonli a’zosiga aylandi. «PSJ» 30 yoshli hujumchisi uchun 10 million yevro ishlab olgan.

Ikardining o‘zi turklar klubi bilan uch yillik shartnoma tuzdi. 2020 yilda «PSJ» Ikardini «Inter»dan 58 million yevro evaziga transfer qilgandi.

Futbolchi so‘nggi bir mavsumni «Galatasaroy»da o‘tkazgan va jamoaga Superligada g‘olib chiqishda yordam bergandi. Turkiyaning amaldagi chempioni kuchli tarkib yig‘moqda, Ikardidan tashqari, Anxelino, Torreyra, Mertens, Mata, Zaha, Bakambu ham jamoada.

Kavani «Boka Xuniors»ga o‘tdi

Urugvaylik hujumchi Edinson Kavani «Valensiya»ni tark etdi. U ispan klubi bilan shartnomani bekor qilishga erishgan (shartnoma tugashiga yana bir yil bor edi).

Eng yaxshi yillarini «Napoli» va «PSJ»da o‘tkazgan 36 yoshli futbolchi endi «Boka Xuniors» uchun to‘p suradi.

Urugvaylik futbolchi Argentina klubi bilan 2024 yilga qadar amal qiluvchi shartnomani imzolagan.