Ushbu trafikning 80% dan ortig‘i 4G LTE tarmoqlari orqali o‘tadi. O‘tgan yilga nisbatan 5G tarmog‘i orqali 187 foizga ko‘proq internetdan foydalanilgan.

Mobiuz mobil operatori O‘zbekistonda telekommunikatsiya va aloqa sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlardan muvaffaqiyatli foydalanmoqda. “Raqamli O‘zbekiston 2030” Strategiyasi maqsadlari va uzoq muddatli rivojlanish rejalaridan kelib chiqqan holda kompaniya aloqa xizmatlarini kengaytirmoqda. Buni uning 2023 yilning birinchi yarmidagi faoliyati natijalari ham ko‘rsatib turibdi.

Joriy yilda uyali aloqa operatori xorijiy hamkorlar bilan umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan yangi hujjatlar paketini imzoladi. Xitoylik hamkorlar bilan umumiy qiymati 150 million AQSh dollariga teng investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari ham davom etmoqda.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida Mobiuz 1040 dan ortiq tayanch stansiyalarini ishga tushirdi, shundan 130 dan ortig‘i yangi joylashuvlarda qad rostladi. Yilning ikkinchi yarmida uskunalarni jadal o‘rnatish uchun yana 495 ta antenna-machta konstruksiyalari tayyorlandi.

Natijada O‘zbekistonning aholi yashaydigan hududlarini 4G LTE tarmog‘i bilan qamrab olish darajasi 92 foizga yetdi. Shu yilning olti oyida respublikamizning 100 dan ortiq aholi punktlarida, jumladan, olis va baland tog‘li tumanlarda to‘rtinchi avlod tarmoqlari paydo bo‘ldi.

Taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Massive MIMO texnologiyasi (chastota kanalida uzatiladigan axborot hajmi oshirish) sinovdan o‘tkazildi va ishga tushirildi. 4G LTE bilan hududlarni tezroq qamrab olish uchun 2600 MGs, 1800 MGs, 800 MGs diapazonlari bilan bir qatorda 2100 MGs diapazonidan ham faol foydalanilmoqda. Yirik shaharlar va tuman markazlarida takomillashtirilgan 4G+ standartida xizmatlar ko‘rsatila boshlandi.

Yozning shov-shuvli voqeasi Mobiuz tomonidan abonentlar uchun VoLTE texnologiyasining ishga tushirilishi bo‘ldi. Hozirda Toshkent shahri, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida VoLTE xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Yil oxiriga qadar barcha hududlarni texnologiya bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Tarmoq qanchalik rivojlansa, abonentlar uchun yangi mahsulot va xizmatlarni joriy qilish uchun shunchalik ko‘p imkoniyatlar ochiladi. 2023 yilning birinchi yarmida Mobiuz cheksiz internetni taqdim etishda muhim qadam tashladi.