Nigerdagi davlat to‘ntarishi ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan Afrika ittifoqi, G‘arbiy Afrika mintaqaviy bloki (Ecowas), YeI va BMT tomonidan qoralandi.
Yakshanba kuni Ecowas davlatlari yetakchilari mintaqadagi navbatdagi harbiy davlat to‘ntarishidan keyin ehtimoliy choralarni muhokama qilish uchun qo‘shni Nigeriyada shoshilinch sammitga yig‘ildi: avvalroq Mali va Burkina-Fasoda ham harbiylar hokimiyatni egallab olgandi.
Sammit yakunida o‘qib eshittirilgan bayonotda blok «davlat to‘ntarishlariga mutlaqo toqat qilmaslik» siyosatiga amal qilishi va agar ularning qonuniy prezidentni hokimiyatga qaytarish talabi bajarilmasa, «konstitutsion tartibni tiklash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishi» aytilgan.
Shuningdek, unda qayd etilishicha «bunday chora-tadbirlar kuch ishlatishni o‘z ichiga olishi mumkin» va G‘arbiy Afrika davlatlari harbiy boshliqlari bu amaliyotni rejalashtirish va o‘z harakatlarini muvofiqlashtirish uchun «zudlik bilan» uchrashib olishi kerak.
G‘arbiy Afrika davlatlari yetakchilari shuningdek Niger hududi ustidan har qanday tijoriy reyslar amalga oshirilishi zudlik bilan to‘xtatilishi va barcha quruqlik chegaralari yopilib, xuntaga qarshi moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishini e’lon qilishdi. Davlat to‘ntarishida ishtirok etgan harbiylarga mintaqa davlatlariga kirish taqiqlanadi, ularning aktivlari esa muzlatiladi.

Bu sammit arafasida prezident gvardiyasi rahbari, o‘zini Nigerning yangi rahbari deb e’lon qilgan general Abdurahmon Chiani Ecowas a’zolari va g‘arb mamlakatlarini har qanday tashqi aralashuv oqibatlaridan ogohlantirdi.
«Biz yana bir bor Ecowas yoki boshqa har qanday avantyuristga o‘z vatanimizni himoya qilish bo‘yicha qat’iy qarorimizni takrorlaymiz», — deyilgan televideniye orqali o‘qib eshittirilgan bayonotda.
«Fransiya yo‘qolsin! Yashasin Rossiya!»
Ag‘darilgan prezident haqida payshanba tongidan buyon ma’lumot yo‘q, o‘shanda u o‘zining prezidentlik saroyida uy qamog‘iga tashlangandi. YeI, Fransiya va boshqa mamlakatlar Bazumni Nigerning qonuniy rahbari deb hisoblashda davom etishmoqda.
Bu vaqtda davlat to‘ntarishining yuzlab tarafdorlari mamlakat poytaxti Niameydagi Fransiya elchixonasi atrofida to‘planishdi. Ular «Fransiya yo‘qolsin!» deya hayqirishdi va fransuzlar bayrog‘ini yoqib yuborib, fransuz elchixonasiga tosh uloqtirishdi.



















