DW xabariga koʻra, Zelenskiy va Tramp 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchrashgan. Yopiq formatda oʻtgan muzokaralarni Ukraina prezidenti «ijobiy va samarali» deb baholagan.

«Qoʻshma Shtatlar ham, Ukraina ham Rossiyaning bu bemaʼni urushi qishgacha tugashini istaydi. Biz diplomatiyaga yoʻl ochishi mumkin boʻlgan keskinlikni pasaytirish choralarini muhokama qildik», - deb yozgan Zelenskiy Telegram kanalida.

Energetika sohasidagi sulh uchun oʻzarolik sharti

Uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan suhbatda Zelenskiy Moskva ham xuddi shunday yoʻl tutsa, Kiyev Rossiya energetika obyektlariga zarba berishni toʻxtatishga tayyorligini bildirgan.

Uning aytishicha, Rossiya Ukraina energetika tizimiga hujum qilmaslikka rozi boʻlsa, Kiyev energetika sohasidagi sulhning har qanday formatiga tayyor.

Zelenskiy bu masalada Moskvaning pozitsiyasi unga maʼlum emasligini qayd etgan. Shu bilan birga, u AQSH tomoni Rossiyani muzokaralarga koʻndirish yoʻlini topishiga umid bildirgan.

Putin bilan uchrashuvga tayyorlik

Ukraina prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «istalgan vaqtda» uchrashishga tayyorligini yana bir bor taʼkidlagan.

«Tramp uch tomonlama uchrashuvni tashkil etishi mumkin. Unda rahbarlar barcha muhim masalalarni muhokama qilib, urushga chek qoʻyishga harakat qilishi mumkin», - degan Zelenskiy.

Muzokaralar boshlanishidan avval DW muxbiri Trampdan Mayamidagi G20 sammiti doirasida AQSH, Ukraina va Rossiya rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi oʻtkazilishi mumkinmi, shuningdek, u Putinni sammitga taklif qilishga rozimi, deb soʻragan.

«Biz Alyaskada uchrashgan edik. Mayami haqida bilmayman. Tez orada Mayamida katta tadbirimiz boʻladi, ammo u uchrashadi. U uchrashishga tayyor. U urush tugashini istaydi», - deya javob bergan AQSH prezidenti.

Patriot raketalarini Ukrainada ishlab chiqarish masalasi

Zelenskiy muzokaralardan soʻng Tramp Ukrainada Patriot tizimi uchun tutuvchi raketalar ishlab chiqarishga litsenziya berish gʻoyasiga ijobiy munosabatda ekanini ham aytgan.