Yozgi transferlar davom etmoqda, yana bir qator futbolchilar o‘zlariga yangi klub topishdi, yana bir qancha transferlar hal bo‘lishi kutilmoqda. Quyida so‘nggi kunning eng qiziqarli transfer xabarlari dayjesti.
Fabino «Al-Ittihod»ga o‘tdi

Braziliyalik yarimhimoyachi Fabino ham «Liverpul»ni tark etdi va Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubining yangi a’zosiga aylandi. 29 yoshli havbek yangi klubi bilan 2026 yil yoziga qadar shartnoma imzolagan, uning yillik maoshi miqdori 25 mln yevroni tashkil etadi.
«Buni chin qalbdan aytaman — men bu klubni sevaman. Rahmat, qizillar, biz birgalikda boshdan kechirgan barchasi uchun. You’ll Never Walk Alone», — deya yozgan futbolchi o‘z sahifalarida «Liverpul» muxlislari bilan xayrlashib.
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, Angliya klubi ushbu transferdan 40 million funt ishlab oladi.
Fabino — mersisaydliklarning shu yozda Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan uchinchi futbolchisi bo‘ldi. Bungacha «Liverpul» o‘z sardori Jordan Hendersonni «Al-Ittifoq» klubiga sotgandi, braziliyalik forvard Roberto Firmino esa erkin agent maqomida «Al-Ahli»ga o‘tgan.
Rebich Turkiya chempionatiga o‘tdi

Jahon chempionati sovrindori to‘rt mavsumdan keyin (birinchisida ijara asosida o‘ynagandi) «Milan»ni tark etdi. Xorvatiyalik hujumchi «Beshiktosh» bilan ikki yil muddatga shartnoma tuzgan. Kelishuv shartlariga ko‘ra, futbolchining yillik maoshi miqdori 2,5 mln yevroni tashkil etadi. Shu bilan birga klub Rebichga 280 ming yevro miqdorida bonus (ko‘tarma puli) to‘lab bergan. Ante o‘tgan mavsumda Chempionlar ligasida o‘ynagandi, endi esa uni Konferensiyalar ligasi kutmoqda.
Dembele «PSJ» bilan kelishib oldi

«Barselona» vingeri Usmon Dembele rasman klubdan o‘zini «PSJ»ga qo‘yib yuborishni so‘ragan, deb xabar bermoqda Fabritsio Romano. 1 avgustdan 26 yoshli fransuzning transfer bahosi 100 million yevroga chiqadi (dedlaynga qadar uning bahosi 50 million yevro).
Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, Dembelening o‘zi «PSJ» bilan shartnomani kelishib olgan — tomonlar besh yillik shartnoma tuzadi. Parijliklar 31 iyul kuni «Barselona»ga futbolchining shartnomasidagi 50 million yevro haqidagi bandni faollashtirish bo‘yicha taklif yuborgan, shuningdek la ligani ham bu haqda ogohlantirgan.
















