Yozgi transferlar davom etmoqda, yana bir qator futbolchilar o‘zlariga yangi klub topishdi, yana bir qancha transferlar hal bo‘lishi kutilmoqda. Quyida so‘nggi kunning eng qiziqarli transfer xabarlari dayjesti.

Sadio Mane rasman Krishtianu Ronalduga jamoadosh bo‘ldi

Saudiya Arabistonida yulduzlar soni yana bittaga ko‘paydi. 31 yoshli senegallik vinger «Bavariya»dan «An-Nasr»ga o‘tdi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, uning yangi jamoasidagi yillik maoshi miqdori 40 mln yevroni tashkil etadi. Mane Saudiya klubida Ronaldu, Marselo Brozovich va Aleks Telles kabi yulduzlar bilan birga to‘p tepadi.

Sadio Mane «An-Nasr»da taqdimot qilindi
Foto: TWITTER.COM/ALNASSRFC

«Chelsi» Lesli Ugochukvuni sotib oldi

London klubida navbatdagi transfer. Ugochukvu — 19 yoshli yarimhimoyachi uchun «Renn»ga 27,5 mln yevro to‘landi. U bilan yetti yillik shartnoma imzolangan. Ushbu iste’dodli futbolchi allaqachon Fransiya milliy jamoasida debyut qilib ulgurgan. Lekin Lesli yangi jamoasida darhol asosiy tarkibdan o‘rin olmasligi aniq.

Lesli Ugochukvu. Foto: CHELSEAFC.COM

Dembele «PSJ»ga o‘tmoqda

«Barselona» bosh murabbiyi Xavi jamoa futbolchisi Usmon Dembele klubni tark etayotganini ma’lum qildi. «Dembele oldimga kelib, jamoadan ketmoqchi ekanini aytdi. U «PSJ»dan taklif olgan. Biz bu jamoa bilan moliyaviy jihatdan bas kela olmaymiz. U ketmoqda», - dedi Xavi.

Bundan avvalroq parijliklar futbolchining shartnomasidagi 50 million yevrolik mablag‘ni to‘lashga tayyor ekanini bildirib, kataloniyaliklar klubiga so‘rov yuborgandi. 26 yoshli vinger ketishga qat’iy ahd qilgan. U 4 avgust kuni Parijda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda.

Fransuz matbuotiga ko‘ra, Dembele «PSJ» bilan besh yillik shartnoma tuzadi va yiliga 20 million yevro miqdorida maosh oladi.

«Barsa»da Dembele o‘rnini kim egallaydi?

Usmon Xavi jamoasining muhim futbolchilaridan biri edi, uning kutilmaganda ketishi tufayli Kataloniyadagilar uning o‘rniga o‘rinbosar qidirishga tushishdi. Variantlar ikkita — «Atletiko»ga qaytib kelgan 23 yoshli Joau Feliks (ammo «Barselona»da ko‘pchilik bu transferga qarshi) yoki «Bavariya»ning 27 yoshli hujumchisi Leroy Sane. Lekin nemis futbolchisi Myunxendan ketishni istamayapti va hozircha muzokaralardan bosh tortmoqda.