“Hujjatlarimni uydagilar topshirib yuborgan”, “Yuragim bilan sezyapman, o‘g‘lim kirib ketadi”, “Balki, umuman ball to‘playolmagandirman” – bular imtihon topshirib chiqqan abituriyent va ularni intiqlik bilan kutayotgan ota-onalar, buva-buvilar so‘zlari. Kun.uz imtihonning ilk kuni taassurotlarini bilish uchun ularga mikrofon tutdi.

O‘zbekistondagi oliygohlarga kirish yo‘li (imtiyozlarni aytmaganda) faqat Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq DTM) orqali o‘tadi. Va bu imtihon ko‘p abituriyentlar uchun hayotining yangi bosqichini boshlab beradi. 2-3 yil oldin o‘zining qiyin testlari bilan e’tirozlarga sabab bo‘lib kelgan tashkilot bu yilgi testlarni qanday o‘tkazishni boshladi, ota-onalar va bo‘lajak talabalarning imtihon haqidagi fikrlari qanday?

Ota-onalarga mikrofon tutganimizda, ularning ko‘pchiligi bu yil kutish uchun yaxshi sharoit yaratib berilgani haqida aytishdi.

Bolam IELTS olgan. Umidimiz katta. Hayojonim kuchli. Raqobat kuchli, hammaning bolasi yaxshi natijaga erishsin-u, mehnat qilgan o‘qiganlarniki ko‘proq natijaga erishishini xohlayman”, – deydi “Yoshlik” sport majmuasida imtihon topshirgani kirgan farzandini kutayotgan ona.

Ota-onalardan keyin imtihondan chiqqan abituriyentlarni ham savolga tutdik. Ularning ayrimlari bu yil testlar nisbatan oson tushganini aytdi.

1 yildan beri tayyorlanaman. Testlar o‘rtacha qiyinlikda tushdi. Yaxshi natija kutyapman”, – deydi “O‘zekspomarkaz” hududida imtihon topshirib chiqqan abituriyentlardan biri.

Yana biri esa testni yaxshi yechib chiqqani 150 balldan ko‘prog‘iga umid qilayotganini aytadi.

Ustozim abituriyentlik vaqtlarida hamma kitoblarini olib kelib, imtihondan chiqqanlaridan keyin esda qolgan savollarning javobini tekshirib chiqqan ekan. Men ham esimda qolganini kitoblarimdan tekshirgan edim, 3-4 tasi to‘g‘ri chiqdi. Menimcha, huquq fanidan 22 tadan ko‘proq savolga to‘g‘ri javob berganman, majburiylarimni bilmayman”, – deydi u.

Test yechib chiqqan abituriyentlar orasida belgilagan javoblarini kitob bilan solishtirishga kirishib ketganini ham uchratdik.