Dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun xodimning yozma arizasi bilan har yili mehnat ta’tili beriladi. Ta’til davomida o‘rtacha ish haqi va lavozim saqlanadi. Barcha xodim, shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar ham yillik mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega. Hudud24 mehnat ta’tili bo‘yicha qonunchilikdagi me’yorlarni sanadi. 

Yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qancha? 

Yillik mehnat ta’tilining eng kam davomiyligi 21 kalendar kunni (ilgari 15 ish kuni edi) tashkil etadi. 

Qanday xodimlarga uzaytirilgan yoki qo‘shimcha ta’tillar beriladi? 

Quyidagi toifadagi xodimlarga yoshi va sog‘lig‘ining holatiga qarab, asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi:

1) 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — 30 kalendar kun;

2) I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga — 30 kalendar kun.

3) davlat organlari xodimlariga – 27 kalendar kun. 

Shuningdek, boshqa toifa xodimlarga ham ularning mehnat vazifalari o‘ziga xosligidan kelib chiqib, uzaytirilgan ta’tillar beriladi. 

Jamoa shartnomasi va kelishuvlari, shuningdek, ichki hujjatlar va mehnat shartnomasi bilan ko‘paytirilgan muddatlar belgilanishi mumkin. 

Mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan yoki bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga qo‘shimcha ta’tillar beriladi. 

Xususan, bir tashkilotda ishlagan har 5 yil uchun xodim ta’tiliga 2 kalendar kun qo‘shiladi. Ammo qo‘shiladigan kunlar soni 8 kalendar kundan oshib ketmasligi kerak. 

Yillik mehnat ta’tili qanday hisoblanadi? 

Ta’tillar avvalgidek ish kunlarida emas, balki kalendar kunlarida hisoblab chiqariladi. Bu ta’til muddatini hisoblashda dam olish kunlari, shu jumladan, yakshanba kunlari ham kiritilishini anglatadi.