Iyul oyining so‘nggi 10 kunligida mamlakatimiz axborot olami, xususan, turli ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi xalqaro universiteti rektori, yuridik fanlari doktori Axtam Yakubov tomonidan aytilgan “3–4 yildan so‘ng jamiyatda diplomli ishsizlar paydo bo‘ladi” degan fikr keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ayrim bloger va jurnalistlar, shuningdek, jamoatchilik faollari ushbu fikrni noto‘g‘ri talqin qilgan holda turli mish-mish-u yolg‘on munosabatlarni bildirib o‘tishdi. Xo‘sh, aslida bu jumla intervyuning qaysi qismidan kesib olindi? Fikr kontekstidagi asosiy mazmun aslida qanday edi?

Yuqorida keltirilgan fikrlar “Xushnudbek Xudoyberdiyev” YouTube kanali orqali e’lon qilingan “Qashqadaryodagi birinchi xususiy OTM — Qarshi xalqaro universiteti haqida” deb nomlangan intervyudan kesib olingan bo‘lib, mazkur materialda Xushnudbek Xudoyberdiyev Qarshi xalqaro universiteti rektori, yuridik fanlari doktori Axtam Yakubov bilan oliy ta’lim tizimidagi muammo va kamchiliklar, xususiy oliy ta’lim masalalari xususida suhbatlashgan. 

Intervyu davomida Axtam Yakubov tomonidan Qarshi xalqaro universitetining tashkil etilishi, universitet kampuslari, o‘quv va ta’lim jarayoni haqida ma’lumot berilgan. Shuningdek, ikki mutaxassis mamlakatimizdagi oliy ta’lim tizimida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha fikr almashgan.

Oliy ta’lim sohasida bugungi eng muhim muammolardan biri bu – jamiyatdagi ijtimoiy adolat tarozisining buzilgani 

Intervyuda xususiy oliy ta’lim bozori, uni rivojlantirish, halol va sog‘lom raqobatni shakllantirish masalalari, ta’lim bermasdan, diplom sotish bilan shug‘ullanuvchi “universitetlar”, ta’lim sifatini oshirish, malakali kadrlarni tayyorlash, jamiyatdagi ijtimoiy adolatni ta’minlash, mehnat bozorini to‘g‘ri shakllantirish, iqtidorli talabalarning munosib mehnat sharoitida ishlashi, munosib ish bilan ta’minlanishi uchun imkoniyat yaratish, davlat va xususiy olim ta’lim muassasalariga nisbatan bir xil yondashuv va qarashni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, hududlarda ta’limni rivojlantirish, vohaning yaxshi kadrlarini vohaning o‘zida ishlash uchun jalb etish, malakali kadrlarni hududlarning o‘zida faoliyat olib borishi uchun sharoit yaratish masalalari ham muhokama qilingan. 

Sifatli ta’lim uchun eng katta investitsiyani o‘qituvchilarga tikish kerak

Intervyu davomida xususiy ta’lim davlat oliy ta’lim muassasalaridan “o‘g‘irlab kelingan” kadrlar hisobiga rivojlantirilayotgani alohida qayd etilib, xususiy ta’lim nufuzini oshirish, malakali kadrlar “armiyasi”ni shakllantirish kerakligi va buning uchun eng katta investitsiyani o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratish kerakligi ta’kidlab o‘tilgan.