12:08 / 03.08.2023
21424

Soliq qo‘mitasi “supervazirlik” tarkibidan chiqarilmoqda

Ma’muriy islohotdan 7 oy o‘tib, Soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridan chiqarilishi mumkin. Yil boshidan buyon rahbarsiz qolayotgan qo‘mitaga ayni paytdagi vazir Sherzod Qudbiyev qaytadi.

Sherzod Qudbiyev 2 avgust kungi prezident selektorida

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi vazirlik tarkibidan chiqarilib, hukumat tarkibidagi mustaqil tuzilma maqomiga qaytarilishi mumkin. Bu haqda Kun.uz'ning hukumatdagi manbasi ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, bu o‘zgarishdan keyin ayni paytdagi iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyev Soliq qo‘mitasi raisi etib tayinlanishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Qudbiyev 2020 yil mayidan 2022 yil dekabrigacha bo‘lgan muddatda ham soliq organiga rahbarlik qilgandi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga esa Qudbiyevning o‘rniga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov tayinlanishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 2 avgust kungi selektorda soliq tushumlari kamayib ketganini tanqid qilgandi. “Kundan kunga o‘sayotgan iqtisodiyotimizning samarasi budjet daromadlarida to‘liq ko‘rinmayapti”, – degan davlat rahbari qator soliq mansabdorlarini ishdan oldi.

Top