Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023 yilning II choragi uchun Olx.uz platformasida taklif etilayotgan uy-joy narxlarini hududlar kesimida tahlil qildi.

Xususan, 432 ming 893 ta ma’lumot 115 ta hudud bo‘yicha guruhlab chiqilgan va interaktiv veb-sahifa ko‘rinishiga keltirilgan. Bu davr davomida narxlar uy-joyning har bir kvadrat metri uchun 10 guruhga ajratilgan.

Narxlar eng arzon bo‘lgan hududlar birinchi guruhga (har bir kvadrat metr uchun 390 dollardan), eng qimmatlari esa o‘ninchi guruhga ( uy-joyning har bir kvadrat metri uchun narxlar 1251 dollargacha) kiritilgan. Har bir guruh 86,15 dollarlik narx oralig‘ini ifodalaydi.

Hisobot davrida hududlar orasida eng yuqori o‘rtacha narx Toshkent shahrida – 1251 dollar qayd etilib, narx segmentatsiyasi bo‘yicha eng yuqori 10-guruhga kiritilgan. Samarqand shahridagi o‘rtacha narx – 753 dollarni tashkil etib, 6-guruhdan o‘rin olgan.

O‘rtacha narxlar pastroq bo‘lgan Namangan, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari 2-guruhdan joy olgan. Respublika bo‘yicha eng minimal narx Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan.

“Toshkent shahri bo‘yicha uy-joy narxlari 2023 yilning iyun oyi uchun yangi uylar uchun o‘rtacha 1374 dollarni va ikkilamchi bozordagi uylar uchun o‘rtacha 1143 dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning iyun oyida yangi uylar uchun 953 dollarni, ikkilamchi bozordagi uylar uchun 861 dollarni tashkil etgandi. Bir yil ichida yangi uylarning narxi o‘rtacha 44 foizga, ikkilamchi bozordagi uylar narxi esa o‘rtacha 33 foizga qimmatlashgan.

E-notarius ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida uy-joy oldi-sotdi bitimlari o‘rganilgan davr mobaynida 1,8 foizga kamaygan, ya’ni 2022 yil iyun oyida shahar bo‘yicha jami 7553 ta uy-joy oldi-sotdisi qayd etilgan bo‘lsa, 2023 yilning iyun oyida 7417 ta oldi-sotdi bitimi tuzilgan”, deyiladi MHTI tahlilida.

O‘rtacha eng yuqori narxlar Mirobod (1462,3 dollar), Yakkasaroy (1374,3 dollar) va Shayxontohur (1369,2 dollar) tumanlarida aniqlangan. O‘rtacha eng past narx esa Uchqizil (222,8 dollar), Bog‘ot (224,2 dollar) va Lalmikor (227,3 dollar) kabi hududlarda kuzatilgan.