Biz hozir ham minib yurgan ayrim mashinalarimizning yaralish tarixi hatto qariyb 40 yilgacha boradi. Agar “tagi”ni surishtirsangiz, ularning kelib chiqishi yo olmon, yo italyan, yoki yapon avtomodellariga borib taqaladi. Ular orasida kelin-kuyov mashinasi bo‘lgani, avvaliga tan olinmay, keyinchalik hammaga “ko‘rsatib qo‘ygani”, hatto kinoqahramon bo‘lgan avtoulovlarimiz ham bor. Kun.uz O‘zbekistonda “tug‘ilmagan” o‘zbek avtomobillari haqidagi ma’lumotlarni saraladi.

Nexia’ning bosh bo‘g‘ini – Opel

90-yillar faxri, to‘ylarda “kelin-kuyov korteji”ning eng obro‘li mashinasi bo‘lgan o‘zbek Nexia'si 1996-2016-yillarda Andijon viloyatining Asaka shahrida ishlab chiqarilgan. Ammo u O‘zbekistonda “tug‘ilmagan”. O‘rta sinf xaridorlariga mo‘ljallangan Daewoo Nexia bizdan oldin nemis konserni Opel tomonidan ishlab chiqilgan va keyinchalik Janubiy Koreyaning Daewoo kompaniyasi tomonidan yangilangan. Nexia 1986-1994-yillarda ishlab chiqarilgan Daewoo Racer’ning modernizatsiya qilingan versiyasi va o‘z navbatida 1984-1991-yillarda ishlab chiqarilgan Opel Kadett E’ning kloni edi.

Opel Kadett E / Carsweek

Daewoo Nexia 1994 yilda Daewoo Racer modeli modernizatsiya qilingandan so‘ng Janubiy Koreya bozorida Daewoo Cielo nomi bilan tanilgan.

Daewoo Cielo / Carsweek

2008 yilga kelib, o‘zbekona Nexia dunyo yuzini ko‘rdi, ya’ni old-orqa bamperlar va chiroqlar, avtomobil saloni yangilandi. Bosh bo‘g‘ini Opel Kadett’ga borib taqaladigan yangi avlod Nexia’si O‘zbekistonda 2016 yilga qadar ishlab chiqarildi.

Nexia 2 / UzDaewoo.ru

Bugun esa Nexia o‘z ismini unga mutlaqo o‘xshashi bo‘lmagan boshqa bir mashina – Chevrolet Nexiaʼga meros qilib qoldirgan.