Sud eshituvi belgilanganidan 15 daqiqa kechroq boshlandi. Bu vaqtda Tramp sud hujjatlari bilan tanishib, advokatlari bilan gaplashib oldi. Jarayon boshlangach, Tramp sudya talabi bilan qoidaga ko‘ra ismi, familiyasi, yoshini aytdi. Shuningdek, sobiq prezident hech qanday modda ta’sirida emasligini o‘z og‘zi bilan tasdiqlashga majbur bo‘ldi.

Prokurorlar Tramp sud majlisiga qadar hibsga olinmasligini aytishdi. Ammo undan ish faktlarini sir saqlash va Kolumbiya okrugi federal sudiga ko‘rsatma berish uchun borishi so‘raldi. Sudya bu talablarni bajarmaslik hibsga olish uchun asos bo‘lishi, sudga hurmatsizlik deb baholanishini eslatdi.

Tramp suddan chiqib Ronald Reygan aeroportiga bordi, u yerdan Nyu-Jyersidagi golf-klubiga uchib ketdi. Parvoz oldidan muxbirlarga kichik nutq bilan murojaat qilgan Tramp «Bugun Amerika uchun juda qayg‘uli kun ekani»ni aytdi. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar «siyosiy raqibini ta’qib qilish ekani»ni iddao qildi.

Trampga qo‘yilayotgan uchinchi ayblov bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 28 avgustda o‘tkazilib, shu kuni sud jarayoni sanasi e’lon qilinadi. Trampning sud ishi bo‘yicha birinchi eshituvda kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan magistrat-sudya Mohila Upadhaya raislik qildi. Sud jarayonida esa Barak Obama davrida tayinlangan kelib chiqishi yamaykalik bo‘lgan sudya Tanya Chutkan sudyalik qiladi. Ma’lumot uchun, federal sudyalar orasida ishlar tasodifiy taqsimlanadi.

Bu galgi sud ishida Trampga nisbatan to‘rt banddan iborat ayblov ilgari surilgan. Ular orasida AQShni aldash uchun fitna uyushtirish, guvohlar ko‘rsatmasini soxtalashtirish va inson huquqlarini buzishga qaratilgan finta uyushtirish kabi ayblovlar ham bor.

Ishni o‘rganayotgan maxsus prokuror Jyek Smit sobiq prezident Trampni to‘g‘ridan to‘g‘ri Kapitoliyga hujumga ayblamayapti. Vaholanki hujumda go‘yoki saylovlar nohaq o‘tganidan norozi bo‘lgan Tramp tarafdorlari ishtirok etgan.

Prezidentlikdan ketganidan keyin Tramp Vashingtonga faqat bir marta borgandi. Sud zalidan chiqishida juda ko‘p tarafdorlari uni ko‘rish ishtiyoqida kutib turishgandi. Ayblov xulosasidan avval Tramp unga nisbatan ish ochilgani «Bayden davrida AQSh korrupsiyaga o‘ralashib tamom bo‘lganidan dalolat» ekanini aytdi.