Yozgi transferlar davom etmoqda, yana bir qator futbolchilar o‘zlariga yangi klub topishdi, yana bir qancha transferlar hal bo‘lishi kutilmoqda. Quyida so‘nggi kunlarning eng asosiy transfer xabarlari dayjesti.

Amalga oshgan transferlar

«PSJ» «Benfika» hujumchisini qo‘lga kiritdi

Gonsalu Ramush futbol fanatlariga 2022 yil oxirida yaxshi tanilgandi. Portugaliyalik hujumchi JCh-2022 1/8 finalida Shveytsariyaga qarshi o‘yinda (6:1) Krishtianu Ronaldu o‘rniga maydonga tushgandi. Ko‘pchilikka notanish bo‘lgan yigitcha het-trik qayd etgan, uning jamoasi raqibni yakson etgandi.

Ramush «Benfika» safida ham mavsumni yomon o‘tkazmadi: 47 o‘yin, 27 gol, 12 golli uzatma. Portugaliya chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi, endi esa Parijga yo‘l oldi.

Parij klubi moliyaviy feyr-pley qoidalarini aylanib o‘tish uchun futbolchini mavsum yakunida sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi va uni rasman o‘z futbolchisi sifatida taqdim etdi.

Fabritsio Romano avvalroq 22 yoshli forvard keyingi yozda 65 million yevroga sotib olinishi mumkinligini aytgandi. Yana 15 million yevro bonuslar shaklida to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

«Inter» yangi darvozabon topdi

Milan klubi bu yozda Andre Onanani «Manchester Yunayted»ga sotdi va Samir Handanovichni erkin agent sifatida qo‘yib yubordi. Tabiiyki, jamoaga yangi darvozabon kerak edi va klub Yan Zommer tanlovida to‘xtadi.

Shveytsariya jamoasi darvozaboni «Bavariya»ga yarim yil muqaddam kelgandi, uni o‘shanda oyog‘ini sindirib olgan Manuel Noyyerning o‘rniga olib kelishgandi. Endi Noyyer qaytganidan keyin Yan ikkinchi raqamli darvozabon bo‘lishni istamadi va myunxenliklar klubi bilan xayrlashib, «Inter» bilan 2026 yil yoziga qadar shartnoma tuzdi. Milanliklar klubi transfer uchun 6 mln yevro to‘lagan.

«Napoli» Kim Min Jega o‘rinbosar topdi

Yozda «Napoli» juda muhim futbolchisini yo‘qotdi — koreyalik himoyachi Kim «Bavariya»ga yo‘l oldi. Italiya chempioni Braziliyadan uning o‘rniga futbolchi topdi. Tarkib 22 yoshli Natan bilan to‘ldirildi va u bilan besh yillik shartnoma imzolandi. Himoyachi transferi uchun «Napoli» «Red Bull Bragantino» klubiga 10 mln yevro to‘ladi.