Jahon | 18:17 / 09.08.2023
4901
2 daqiqa o‘qiladi

O‘rta Yer dengizida migrantlar qayig‘i cho‘kib ketib, o‘nlab kishilar halok bo‘ldi

Bu yil Italiyaga dengiz orqali keluvchi noqonuniy muhojirlar soni ikki barobarga oshgan.

Foto: Getty Images

Migrantlar qayig‘i Italiyaning Lampeduza oroli yaqinida halokatga uchrashi oqibatida 41 kishi cho‘kib ketdi.

Halokatdan omon qolgan to‘rt kishi qutqaruvchilarga aytib berishicha, ular jami 45 kishi, jumladan uch bola ham bo‘lgan qayiqda suzishgan.

Kema Tunisning Sfaks shahridan yo‘lga chiqqan, ammo bir necha soat o‘tib ag‘darilib ketgan.

Tunis rasmiylariga ko‘ra, Lampeduzadan 130 km masofadagi Sfaks port shahri Yevropada nisbatan yaxshiroq hayot izlab, xavfli sayohatga chiquvchi noqonuniy muhojirlar to‘planadigan joyga aylangan.

Omon qolganlar Malta yuk kemasiga olib chiqilgan va Italiya sohil qo‘riqlash xizmatiga topshirilgan.

So‘nggi kunlarda Italiya patrul katerlari va ko‘ngillilar guruhlari Lampeduzaga suzib kelmoqchi bo‘lgan 2 mingdan ortiq kishini qutqargan.

Yakshanba kuni Italiya sohil qo‘riqlash xizmati yana ikki kema halokatga uchragani, natijada 30 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergandi.

Dushanba kuni esa Tunis rasmiylari Sfaks yaqinida 11 jasad topilganini ma’lum qildi.

Italiya tashqi ishlar vazirligining 7 avgust kungi ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon Italiyaga dengiz orqali 93700 nafarga yaqin noqonuniy muhojir kelgan, bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan (44700) ikki barobarga ko‘p.

Mavzuga oid