Namangan shahrining Taxtako‘prik ko‘chasida yashovchi 80 yoshli Hasan-Husan Botirovlarni ko‘rgan inson borki, yuziga tabassum yugurishi aniq. Egizak nuroniylar bilan miriqib suhbat qurish, duolarini olishga ko‘pchilik oshiqadi. Ikki tomchi suvday bir-biriga o‘xshaydigan egizaklarni butun shahar taniydi. Yuzidan nur yog‘ilib turuvchi otaxonlar bilan suhbatlashgan insonning kayfiyati ko‘tariladi.
Hasan ota Botirov ko‘p yillar mahalla idorasida ishlagan. Husan ota esa tibbiyot sohasida o‘qib, hatto hozir ham mahallada feldsherlik bilan shug‘ullanadi.

“1944 yilda tug‘ilganmiz. Oilada 5 farzand – 3 o‘g‘il, 2 qiz edik. Hozirda ikki egizaklar qolganmiz. Rahmatli ota-onamiz iymon-e’tiqodli inson bo‘lishgan. Bizlarni halol mehnat bilan tarbiya qilishdi. Uyda qandolat mahsulotlari tayyorlab, bozorga olib borib sotib kelishardi.

Esimizda, qandfurushlikdan topgan pulga bazo‘r ro‘zg‘or tebratar edik. Hatto melisalar bozorda peshona teri bilan topgan pullarimizni olib qo‘yardi.
Bolalik davrimizda hayot kechirish nihoyatda og‘ir bo‘lgan. Oziq-ovqat tanqisligi kuzatilgan. O‘sha paytda onam rahmatli ikkimizni yelkasida ko‘targancha do‘kondan non olib kelar ekan.

Ota-onamiz vafot etgandan keyin Husanjon ukam bilan alohida yashay boshladik. Garchi Husanjon bilan uyimiz boshqa-boshqa bo‘lsa-da, biz doim birgamiz. Shu yoshga yetkazgani uchun Yaratganga shukr. Qanday ajoyib nurli, farishtali egizaklar ekan-a, deb ko‘rganlar havas qilishadi.


Ba’zan tobim qochib qolganida ukamning ham sog‘ligida muammo bo‘lganini aytishadi. Biz bir tan-u bir jonmiz. Egizaklarning qoni bir deyishadi. Bu gaplar bejiz aytilmagan.















