2008 yil avgust oyi boshida Rossiya va Gurjiston o‘rtasida harbiy to‘qnashuv boshlangandi. Rossiya Gurjiston ichkarisigacha qo‘shin kiritgan, lekin urushni tezda to‘xtatib, o‘zi uchun manfaatli tinchlik kelishuviga erishib, shu tariqa xalqaro yakkalanishdan qutulib qolgandi. «Meduza» maxsus muxbiri Andrey Persev o‘sha vaqtda «vertikal hukumat» tarkibida bo‘lgan mulozimlar bilan «rus elitasi» uchun Gurjistonga bosqin Ukrainadagi urushdan nimasi bilan farq qilgani haqida suhbatlashdi.

«Tinchlikparvar kuchlarimiz va ularga biriktirilgan bo‘linmalar ayni damda Gurjiston tomonini tinchlikka majburlash maqsadida operatsiya olib bormoqda. Tinch aholi hayotini muhofaza qilish mas’uliyati ularning ham gardanida», deb izohlagandi Gurjistonga bosqinni o‘sha vaqtda Rossiya prezidenti bo‘lgan Dmitriy Medvedev.

2008 yil 8 avgust kuni Gurjistondan ajralib chiqqan Janubiy Osetiya markazi Tsxinvaliga qo‘shin kiritgan Rossiya keyinchalik poytaxt Tbilisi yaqinigacha yetib boradi. Rus harbiylari Gurjiston poytaxtiga yetib borishiga bir necha o‘n kilometr masofa qolgandi, ammo ruslar Tbilisini qamal qilmaydi. 12 avgust kuni Dmitriy Medvedev «amaliyot» yakunlanganini e’lon qiladi. Keyin Rossiya, Gurjiston, Janubiy Osetiya va Abxaziya tomoni birgalikda mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish to‘g‘risida tinchlik bitimi imzolaydi. Bu kelishuv shartlari Rossiya uchun juda qulay edi. Unda o‘t ochishni to‘xtatish, qo‘shinlarni olib chiqish, shuningdek, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan hududlar uchun xalqaro xavfsizlik kafolati ko‘zda tutilgandi.

Bu XXI asrda Yevropa hududida sodir bo‘lgan birinchi jiddiy mojaro edi. Shunga qaramay, Rossiyaga qarshi jiddiy xalqaro sanksiyalar qo‘llanmadi. Yevropa Ittifoqi va AQSh Rossiyaga qarshi iqtisodiy cheklovlar joriy qilmay, shunchaki bu harakatni keskin qoralash bilan cheklanishdi.

Bunga bir necha sabablar keltirildi. Birinchidan, Rossiya Tbilisiga kirib bormadi. Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi tomonidan tuzilgan surishtiruv guruhi urushni Tsxinvaliga o‘t ochish orqali Gurjiston boshladi, degan xulosaga kelgandi. Ammo xulosada Rossiya urush boshlanishidan avval ko‘p marta provokatsion harakatlar qilgani ham qayd etilgan.

Uchinchidan, butun dunyoda kuzatilgan va AQShni qiyin ahvolda qoldirgan moliyaviy inqiroz odamlar e’tiborini mojarodan chalg‘itgandi. Bu sabab haqida keyinroq Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev ham gapirgandi. «Ha, bu voqealardan keyin Jorj Bush bilan yaxshi munosabatimiz saqlanib qolgan. 2008 yil oxirida u bilan ko‘rishgandik. U o‘zaro suhbatimizda Gurjistondagi vaziyat, Janubiya Osetiya va Abxaziya haqida gapirgani ham yo‘q», deb eslagandi Medvedev.