Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi Nigerdagi beqarorlikdan foydalanishga harakat qilmoqda. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken BBC nashri bilan suhbatda aytib o‘tgan.

2023 yil iyul oyi oxirida prezident Muhammad Bazum ag‘darilganidan beri Nigerni harbiy xunta boshqarib kelmoqda.

Avvalroq, davlat to‘ntarishi yetakchilari, jangchilari allaqachon qo‘shni Malida joylashgan «Vagner»ga yordam so‘rab murojaat qilgani aytilgandi.

Blinken Nigerdagi davlat to‘ntarishini Rossiya yoki «Vagner» uyushtirgan deb hisoblamaydi. Biroq, AQSh ushbu harbiy kompaniya Sahel mintaqasining ba’zi qismlarida «o‘zini ko‘rsatishi» mumkinligidan xavotirda.

«Men Nigerda sodir bo‘lgan va yuz berayotgan voqealar Rossiya yoki «Vagner» tomonidan uyushtirilgan deb o‘ylamayman, lekin... ular bundan foydalanishga harakat qiladi. Bu XHK qayerga borgan bo‘lsa, o‘sha yerga uning ortidan o‘lim, vayrongarchilik va ekspluatatsiya kelgan. Xavfsizlik darajasi yuqorilamagan, aksincha pasayib ketgan», degan Blinken BBC nashri bilan intervyuda.

AQSh Davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, «Vagner» kelishi bilan «ular o‘zlari bilan faqat yomonlik olib kelgan boshqa mamlakatlarda sodir bo‘lgan voqealar takrorlanadi».

Markaziy Afrika Respublikasi va Malida «Vagner»ning bir necha ming jangchisi mavjudligi taxmin qilinadi. Rossiya kompaniyasi bu yerda o‘z biznes manfaatlarini himoya qiladi, shuningdek, ushbu davlatlarning Rossiya bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi.

«Vagner» jangchilari Afrikaning bir qator mamlakatlarida inson huquqlarini keng ko‘lamda buzishda ayblangan.

Ba’zi taxminlarga ko‘ra, Niger harbiylari «Vagner»ga yordam so‘rab murojaat qilgan, chunki mamlakatga qo‘shni davlatlarning harbiy aralashuvi tahdid qilmoqda.

G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) o‘tgan hafta isyonchilar yetakchilariga ultimatum qo‘yib, agar ag‘darilgan prezident Muhammad Bazum 6 avgust oqshomiga qadar o‘z lavozimiga qayta tiklanmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qilgan edi.

Harbiylar bu ultimatumni e’tiborsiz qoldirdi, biroq qo‘shnilarning intervensiyasidan xavfsirab, mamlakat havo hududi va chegaralarni yopdi. Endi 10 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda ECOWAS tashkiloti a’zolari bundan keyin qanday harakat qilishlari kerakligini hal etishi lozim.