Saudiya Arabistonida Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan RF ishtirokisiz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda 40 ta davlatdan kelgan diplomatlar qatnashdi. Saudiya taklif etgan tinchlik rejasi Kiyev xohishiga zid keldi.
“Geosiyosat”ning bugungi sonida Jiddadagi muzokaralar haqida siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov so‘z yuritadi.
— Tinchlik rejasi bo‘yicha bunga qadar ham bu kabi formatda muzokaralar tashkil qilingan, masalan, avvalgisi Kopengagen shahrida bo‘lgandi. Lekin hozircha samara bo‘lmayapti. Bunday muzokaralar urushda burilishga sabab bo‘la olishi mumkinmi?
Farhod Tolipov: Keskin o‘zgarishga sabab bo‘lmasa ham, u yoki bu shaklda ta’sir qiladi baribir. Bu ta’sir balki bugun-erta emas, keyinroq ko‘rinar balki. Strategik muloqot tushunchasi bor, ya’ni urush jarayonida urushayotgan tomonlar va ularning atrofidagilar bir-biriga xabar yuborgandek bo‘lib, bayonotlar va boshqa ko‘rinishdagi signallar beradi. Bunda kelajakda bo‘lishi mumkin bo‘lgan potensiallar ko‘rsatiladi.
Jiddadagi sammitni ham strategik muloqot deb atagan bo‘lardim. Bu yerda 40 dan ortiq davlatlar qatnashdi. Rossiya tomoni sammitning yakuniy hujjatlarini qabul qilmasligini aytdi. Bunga sabab qilib Rossiyaning o‘zini taklif etishmaganini keltirdi. Sammitga Zelenskiy bir nechta takliflar bilan keldi, bu bilan u o‘z pozitsiyasi borligini ko‘rsatdi. Rossiya yolg‘izlanyapti, azaliy hamkorlari ham o‘zini tortyapti, shuning uchun urushni tezroq tugatish kerak, degan signal bo‘ldi sammitda.
Kamoliddin Rabbimov: Shu paytgacha ham urushni to‘xtatish uchun bir nechta loyihalar bor edi, deylik, Ukraina, Xitoy yoki Rossiya loyihasi, YeIning loyihasi ham bor edi. Borgan sari mana shu loyihalar birlashib, asosiy tamoyillar universallashyapti. O‘tgan yili 14 ta tamoyildan iborat Xitoyning loyihasi bor edi, lekin juda ziddiyatli edi.
Endi dunyoda 2 ta asosiy loyiha shakllanyapti. Rossiya loyihasi: «Biz endi Ukraina yurish qilmaymiz, lekin egallab olgan joylarimizni ham qaytarmaymiz, aholimizga ko‘rsatishimiz uchun biror bir natija kerak», degan mazmunda. Ukrainaning loyihasi esa albatta uning hududiy yaxlitligi tan olinib, suvereniteti mustahkamlanishi. Bu tamoyilni barcha davlatlar, jumladan, Xitoy ham tan olyapti.
Saudiya Arabistonidagi muzokaralardan keyin, hali davlat rahbarlari ishtirokida ham sammit bo‘ladi. Xitoyning bu sammitda ishtirok etishi Rossiya bilan biroz masofa saqlayotganini ko‘rsatdi. To‘g‘ri, Rossiya bilan aloqalari yaxshi bo‘laveradi, lekin vaziyatga nisbatan salbiy signal berdi Rossiyaga.
















