Yangi kun — yangi transfer xabarlari. Bugun ham bir necha klublar navbatdagi xaridlarini e’lon qildi, xususan, Harri Keynning uzoq kutilgan o‘tishi amalga oshdi, Dembele Fransiyaga qaytdi va «Manchester Siti» kutilmagan yurishga tayyorlanmoqda.

Keyn baribir «Bavariya»ga o‘tdi

Yozning asosiy transfer ertagi yaxshilik bilan yakuniga yetdi. Biz har kuni bir-birini rad etuvchi turli xabarlar o‘qidik — goh Harri Keyn «Bavariya»ga ketishi hal bo‘lgani aytilsa, goh u «Tottenhem»da qolishga qaror qilgani haqida gaplar chiqdi. Ammo endi bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yildi. Juma kuni insayder Fabritsio Romano klublar kelishib olgani va endi angliyalik futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Myunxenga uchayotgani haqida xabar berdi. Bir necha soat o‘tib to‘purar hujumchi chindan ham Germaniya shahriga uchib keldi.

Bugun esa myunxenliklar transferni rasman e’lon qildi.  Futbolchi uchun «Tottenhem»ga 100 million yevro to‘lanadi va yana 20 million bonus sifatida ko‘zda tutilgan, uning o‘zi bilan to‘rt yillik shartnoma imzolandi.

«Bavariya» bu orqali Robert Levandovski ketganidan keyin markaziy hujumchi pozitsiyasida yuzaga kelgan muammoga barham berdi. Bu pozitsiyani aslida vinger bo‘lgan Erik Shupo-Moting bilan yopib turishgandi.

«Tottenhem» esa keyingi yil yozida tekinga ketishi mumkin bo‘lgan futbolchi uchun katta pul ishlab oldi. Qolaversa, jamoa bu bilan ichki chempionatdagi raqiblari safini kuchaytirmadi, futbolchiga ko‘p vaqtlardan buyon «MYu» va «Siti» qiziqib kelayotgan, ammo Levi hujumchini ularga sotmagandi.

30 yoshli futbolchining o‘zi esa nihoyat faoliyatida o‘zgarish qildi (ikki-uch yildan buyon u sovrinlar uchun kurashuvchi jamoaga o‘tishi kerakligi haqida aytib kelishardi, unga «Real»dan ham qiziqish mavjud edi). Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, u shu yoshga chiqib birorta sovrin qo‘lga kiritmagan. Endi esa u bugunning o‘zida «RB Leypsig»ga qarshi kechadigan Germaniya Superkubogi o‘yinida maydonga tushishi mumkinligi ham istisno etilmayapti.

Usmon Dembele – «PSJ» futbolchisi

«Barselona» hujumchisi Usmon Dembele «PSJ»ga o‘tdi, parijliklar klubi matbuot xizmati uni jamoaning yangi futbolchisi sifatida rasman tanishtirdi.

26 yoshli fransuz bilan shartnoma 5 yilga — 2028 yil iyuniga qadar mo‘ljallangan. Parijliklar safida ushbu forvard 23-raqamli futbolkada to‘p suradi. Transfer 50 million yevro evaziga amalga oshgan. Bu Dembelening shartnomasida ko‘rsatilgan badal puli hisoblanadi. Kelishuv shartlariga binoan, mablag‘ning teng yarmi futbolchining hisob raqamiga o‘tkazilishi belgilangan.