Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) Kun.uz'ga velosipeddan foydalanish, uning foydali jihatlari, bu borada dunyo tajribasi va O‘zbekistondagi holat haqidagi tahlillarini, mavjud muammolarni bartaraf etish uchun tavsiyalarini taqdim etdi.

Salomatlik, ekologiya va iqtisodiyot uchun foydali qurilma

Birinchidan, velosipedlar, shubhasiz, salomatlik uchun foydali transport vositasi. Uni haydash – yurak-qon tomir tizimini mashq qildirib, suyak va mushaklarni mustahkamlaydi, ortiqcha vazn, diabet va boshqa surunkali kasalliklar xavfini kamaytiradi. Har kuni ishga velosipedda boradigan kishilarda saraton kasalligiga chalinish xavfi 45 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi esa 46 foizga kamayishi aniqlangan.

Ikkinchidan, atrof-muhitga zaharli gaz chiqarmagani sababli bu qurilmalar ekologiya uchun ham foydalidir. 2022 yilda shaxsiy avtomobillar global neft iste’molining 25 foizdan ortig‘ini va ulardan chiquvchi zararli gazlar global karbonat angidrid (CO2) emissiyasining taxminan 10 foizini tashkil etgan. Velosipedlardan foydalanish avtomobillardan ajraluvchi gazlarni kamaytirish orqali atrof-muhit ifloslanishining oldini oladi.

Niderlandiyaliklar velosipedda kuniga o‘rtacha 2,6 km harakatlanadi. Agar mazkur odat butun dunyo bo‘ylab tatbiq qilinganda edi, atmosferaga yillik karbon dioksidi ajralmasi 686 mln tonnaga kamayardi. Bu hajm ko‘pgina mamlakatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Kanada, Saudiya Arabistoni va Avstraliyaning umumiy CO2 emissiyasidan ortiqdir.

Uchinchidan, velosipedlar iqtisodiy jihatdan ham odamlarga manfaat keltiradi. Gap shundaki, velosiped bilan qilinadigan sayohatlarning ortishi, avtomobildan foydalanish darajasini qisqartiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, velosipeddan foydalanish ulushini 6 foizga oshirish yillik global iqlim o‘zgarishini yumshatish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni taxminan 1,2 mlrd AQSh dollariga tejaydi.