Donald Trampga to‘rtinchi jinoiy ish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi
AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga to‘rtinchi jinoiy ish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Bu safar unga qarshi ayblovlar Jorjiya shtatida qo‘zg‘atildi, u yerda prokurorlar Tramp 2020 yilgi saylov natijalarini o‘z foydasiga o‘zgartirmoqchi bo‘lgan deb hisoblamoqda. Tramp ilgari qo‘yilgan uchta ayblov bo‘yicha o‘z aybini tan olmayapti.
Jorjiya shtati prokuraturasi sobiq prezident Donald Trampga qarshi ayblov qo‘ydi. Fulton okrugi prokurori Fani Uillis ayblov xulosasida sobiq prezident va ish bo‘yicha boshqa ayblanuvchilar 2020 yilgi saylovlarda mag‘lubiyatni tan olishdan bosh tortgani va «saylov natijalarini noqonuniy ravishda Tramp foydasiga o‘zgartirish bo‘yicha fitnaga qo‘shilganini» qayd etdi, deya xabar bermoqda Reuters agentligi ayblov xulosasiga tayanib.
Ayblov xulosasida jami 41 ta ayblov punkti va 19 ayblanuvchi, jumladan, Trampning Oq uydagi ma’muriyati sobiq rahbari Mark Medouz va advokatlar Rudi Juliani hamda Jon Istman ham bor. Ular 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, deya qayd etadi agentlik. Ayblovga Trampning 2021 yil yanvar oyida Jorjiya shtati davlat kotibi Bred Raffenspergerga telefon qo‘ng‘irog‘i asos bo‘lgan. Tramp, prokurorlarga ko‘ra, respublikachi davlat kotibiga «11 780 ovoz topishda» yordam berishini taklif qilgan.
Tramp va uning gumon qilinayotgan sheriklari, jumladan, qonun chiqaruvchilarga saylovlar soxtalashtirilgani haqida yolg‘on guvohlik berish, hukumat amaldorlarini saylov natijalarini o‘zgartirish orqali qasamyodini buzishga chaqirishda ayblanmoqda. Prokurorlar, shuningdek, ovoz berish tizimi buzilishi va saylov komissiyasi xodimining ta’qib qilinishini ham tilga oldi.
Ayblov hukmi sudlanuvchilarning Jorjiyadan tashqaridagi ishdagi harakatlariga ham tegishli. Unda aytilishicha, Tramp maslahatchilari Arizona, Pensilvaniya va boshqa shtatlardagi rasmiylarga qo‘ng‘iroq qilib, bu shtatlarda ovoz berish natijalarini o‘zgartirishga urinib ko‘rgan.
Tramp har qanday qonunbuzarlikni rad etyapti va demokrat prokuror Uillisni siyosiy motivlarda ayblayapti. U avvalroq uchta jinoiy ish bo‘yicha aybini tan olmagan edi. 2024 yilning 25 martida Nyu-York shtatida aktrisa Stormi Deniyelsga yashirin pul to‘laganlik, 20 may kuni esa Floridada maxfiy hujjatlar bo‘yicha sud jarayoni o‘tkaziladi.
Uchinchi ish – prezidentlik saylovi natijalarini tasdiqlashga to‘sqinlik qilish bo‘yicha til biriktirish yuzasidan yakuniy sud jarayonining sanasi hali belgilanmagan, keyingi majlis 28 avgustda bo‘lib o‘tadi. So‘nggi ish bo‘yicha maxsus prokurorning bayonotlaridan so‘ng, Tramp o‘z tarafdorlariga AQSh Adliya vazirligi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha 561 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkinligini aytdi, deb xabar berdi The Hill avgust oyi boshida.
Tramp 76 yoshda, u 2017-2021 yillarda AQSh prezidenti bo‘lgan. Tramp, shuningdek, 2024 yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etish niyatida ekanini ma’lum qildi. Kotirovkalarga qarab real vaqt rejimida yangilanadigan Forbes Real-Time reytingida Trampning boyligi 2,5 milliard dollarga baholanmoqda.
Mavzuga oid
10:12
AQShda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni aytildi
08:31
AP: AQSh Ukrainaga 275 mln dollarlik harbiy yordam ajratmoqda
08:02
AQSh Gonsalesni Venesuelaning saylangan prezidenti sifatida tan oldi
22:07 / 19.11.2024