07:59 / 15.08.2023
4168

Koreya Ye-9 viza turida ishlashning yangi yo‘nalishlarini ochmoqchi

Shu yil 9-11-avgust kunlari Janubiy Koreyaning Pusan shahrida Janubiy Koreya mehnat vazirligi hamda Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan ishga ruxsat berish tizimini joriy etish bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Uchrashuv davomida Janubiy Koreyada EPS-Topik tizimi bundan 19 yil oldin tashkil qilingani, bugungi kunda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Filippin, Nepal, Bangladesh, Pokiston, Indoneziya, Kamboja, Laos, Vetnam, Xitoy, Mo‘g‘uliston, Tayvan, Sharqiy Timor, Myanma va Shri-Lanka fuqarolarini mamlakatning turli sohalariga ishga jalb qilgan holda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgani qayd etildi.

Janubiy Koreya statistika boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda mehnatga layoqatli aholi sonining kamayishi, ya’ni ishchi kuchining qarishi va tug‘ilish sonining keskin pasayishi malakali kadrlar yetishmovchiligiga olib kelmoqda. Bu esa xorijlik malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, sanoatning turli sohalarida ishchi kuchi yetishmovchiligining oldini olish chorasi sifatida hukumat tomonidan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Konferensiyada qayd etilishicha, 260 ming nafardan ortiq Ye-9 vizasidagi xorijlik ishchilar bugungi kunda Janubiy Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib bormoqda. Joriy yil Ye-9 vizasidagi ishchi kuchiga bo‘lgan talab 110 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, keyingi yillar uchun kvota hajmining yanada oshishi kutilayotgani, qolaversa Ye-9 viza turida ishlashning yangi yo‘nalishlarini ochish rejasi borligi ma’lum qilindi.

Tadbir davomida Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini olib borayotgan chet ellik ishchilar orasida ish vaqtida baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha xabardorlikni oshirish yuzasidan HRDS, Janubiy Koreya mehnatni muhofaza qilish tashkiloti va 16 davlat vakillari orasida o‘zaro kelishuvga erishildi.

Top