O‘zbekiston | 18:43 / 15.08.2023
7738
3 daqiqa o‘qiladi

Pedagogdan kasbiy majburiyatiga taalluqli bo‘lmagan hisobotni talab qilish taqiqlanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga ma’qullash uchun yuborildi.  

Mazkur qonun bilan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, ular faoliyatining asosiy kafolatlari, ularning mehnatiga yarash haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilanmoqda. Jumladan, ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega pedagoglarning ish haqlariga har oylik ustama to‘lanishi qonun bilan mustahkamlanyapti. Bu haqda deputat G‘ayrat Abdiyev xabar berdi.

Bundan tashqari, davlat umumiy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar davlat tomonidan o‘quv qo‘llanmalar, birlamchi o‘quv-metodik materiallar va o‘quv qurollari bilan bepul ta’minlanishi kafolatlanmoqda. Muhimi, pedagog o‘z sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida muayyan mansabdor shaxsning xatti-harakati ustidan sudga murojaat qilgan taqdirda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladigan bo‘lmoqda.

Mazkur qonunda pedagoglarning kasbiy faoliyatini amalga oshirishini ta’minlash borasida bir qator normalar ham belgilanmoqda.

Xususan:

—pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek pedagogning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga, qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanmoqda;

—pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bitiruvchilar bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish taqiqlanmoqda;

—pedagogni kuz-qish davrida va bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish taqiqlanmoqda;

— pedagogning zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilyapti.

Mavzuga oid