Ukrainada urushning 537-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiya Odessa bo‘ylab yana zarba yo‘lladi. Ukraina QK Shahed rusumli 15 ta dron va «Kalibr» rusumli 8 ta qanotli raketani urib tushirgan. Parchalar supermarket ustiga tushgan.
- Belgorodda dron hujumi oqibatida o‘n yoshli qiz jarohat olgan.
- Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Qrim ko‘prigidagi tutun»ni Rossiya jinoyatlariga javob deb atadi.
- 14 avgust kuni Moskva birjasida dollar kursi 100 rubldan oshdi, yevro kursi 111 rubllik nuqtaga yetdi. 15 avgust kungi navbatdan tashqari yig‘ilishda Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 12 foizga (+3,5) ko‘tardi.
- Polshada ikki nafar rossiyalik «Vagner XHK propaganda materiallari»ni tarqatishda gumonlanib qo‘lga olindi.
- Ukraina mudofaa vazirligi Donetsk oblastining Urojayne qishlog‘ida «ma’lum yutuqlar»ga erishilgani haqida xabar berdi. U yerda RF QK istehkomlari joylashgan.
- Rossiyalik sobiq senator Leonid Lebedev Ukraina prezidentidan o‘ziga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi.
Kun voqeasi. Odessa bo‘ylab zarba
14 avgustga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Odessa bo‘ylab uch bor zarba yo‘lladi. Odessa oblasti harbiy ma’muriyati vakili Sergey Bratchukning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar avvaliga dronlar bilan, keyin raketalar bilan hujum qilgan. Hujum nishoni - shahar markazi bo‘lgan. Rossiya kuchlari 15 dona zarbdor Shahed-136/131 dronlari va sakkizta «Kalibr» qanotli raketasi qo‘llagan. Dronlar Odessaga Krasnodar o‘lkasidagi Primorsk-Axtarsk bazasidan, «Kalibr»lar — rossiyaliklarning Qora dengiz akvatoriyasidagi fregatidan uchib kelgan.






























