Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Fuqarolar uchun budjet: 2022 yil ijrosi” nashrini e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda foyda solig‘i – 37 649,9 mlrd so‘mni tashkil qildi, shundan jami tushumning 17 393,7 mlrd so‘m yoki 46 foizi oltin va mis qazib chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ri keldi. 2021 yildagi ma’lumotlarga qaralsa, foyda solig‘i tarkibida oltin va mis qazib oluvchilarning ulushi 67 foizni (25 716,5 mlrd so‘m) tashkil qilgan.
Bu 2022 yilda oltin va misdan budjetga foyda 8,32 mlrd so‘mga kamayganini anglatadi.
O‘z navbatida, resurs soliqlari umumiy tushumlari tarkibida mol-mulk solig‘i (6,1 foizga) va yer solig‘i (4,5 foizga) ulushi oshgan bo‘lsa, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq ulushi 10,5 foizga kamaydi.
2022 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari – 13 887,4 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu 2021 yilga nisbatan 1 924,6 mlrd so‘m, yoki 12,2 foizga kam.
Oltin va misdan budjetga tushumlar va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlarining kamayishiga soliqning unifikatsiya qilinishi va soliq stavkalarning pasaytirilishi sabab bo‘lgan.
2022 yildan boshlab, quyidagi foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun soliq stavkalari pasaytirilgandi:
• Qimmatbaho va rangli metallar – 10 foizdan 7 foizga;
• oltin bo‘yicha davlat ulushiga ega korxonalar – 15 foizdan 10 foizga. Natijada tushumlar 2,8 trln so‘mga kamaygan;
• Bundan tashqari, tabiiy gaz – 30 foizdan 10 foizga, neft va gaz kondensati – 20 foizdan 10 foizga pasaytirilgan.
“Stavkalar pasaytirilishi, hamda 2022 yilda soliq bazasini aniqlashda “Netback” mexanizmining joriy etilishi natijasida soliq to‘lovchilar ixtiyorida 538,1 mlrd so‘m qoldirildi”, - deyiladi rasmiy relizda.
Ta’kidlanishicha, noruda qurilish materiallari o‘rtacha 2 barobarga pasaytirilishi natijasida tushumlar 55 mlrd so‘mga pasaygan.









