O‘zbekiston | 12:00 / 16.08.2023
8733
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov Qirg‘iziston prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi. 

Foto: president.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 10-majlisida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonga tashrif buyurgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-humanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi. Sadir Japarov Qirg‘iziston-O‘zbekiston munosabatlarida ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarida misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlar yuz berganini ta’kidladi. 

Prezident so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlashda izchil o‘sish kuzatilayotganiga e’tibor qaratdi, muhokama qilingan masalalar va erishilgan kelishuvlar ikki davlat hukumatlari darajasida to‘liq amalga oshirilishiga ishonch bildirdi. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida qabul qilingan tarixiy qarorlarga to‘xtaldi. Xususan, Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini yakunlash shular jumlasidan. 

Uchrashuvda tomonlar ikki xalq farovonligi, qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma reja va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdi. 

Mavzuga oid