«Bu bizning dog‘istoncha odatimiz — nimadir ro‘y bersa, to‘planib, g‘uj bo‘lib olib, hammasini tasvirga olish kerak. Dunyoda bo‘layotgan voqealar diqqat markazida bo‘lish kerak», — deya noliydi Maxachqal’adagi portlash va yong‘in oqibatida jabrlangan o‘nlab kishilar keltirilgan respublika klinika shifoxonasi xodimi BBC bilan suhbatda. U xavfsizlik nuqtayi nazaridan shaxsi sir qolishini so‘ragan.

Yong‘in Maxachqal’adan chiqishda, Novokuli qishlog‘idagi Kulinskaya ko‘chasi va Federal shosse kesishmasida joylashgan avtoservis hududida boshlangan. Ko‘p o‘tmay olov ro‘paradagi Nafta24 avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasiga yetib borgan va kuchli portlash ro‘y bergan.

Avtoservisda yong‘in chiqqanida uning atrofida nima bo‘layotganini ko‘rish uchun kelgan odamlar to‘plana boshlagan. Telegram-kanallarning yozishicha, portlash ro‘y berganida «binodan 50 metr radiusda bo‘lganlar ustiga portlash to‘lqini bilan yonayotgan yonilg‘i yopirilgan».

«Eng yaqin turganlardan hech narsa qolmagan», — degan respublika shifoxonasi xodimi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlarning aksari — aynan yong‘inni tomosha qilish uchun kelgan odamlardir.

BBC suhbatdoshi ishlaydigan shifoxonaga portlash oqibatida jarohat olganlarning bir qismi olib kelingan. Uchta bo‘lim — kuyish, neyroxirurgiya va travmatologiya bo‘limlari bemorlar bilan to‘lib ketgan. Hozirga kelib vaziyat barqarorlashgan, ayrim patsiyentlarga ambulator davolanish uchun javob berilgan, qolganlarni statsionar sharoitda davolash davom ettirilmoqda.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlarning ko‘pchiligi bosh miya yopiq jarohati va kuyish jarohatlari bilan olib kelingan — portlash to‘lqini va atrofga sochilgan parchalardan ko‘pchilikning boshi, bo‘yni va ko‘krak qafasida kesilgan jarohatlar qayd etilgan.

Respublika klinika shifoxonasiga 30 ga yaqin kishi yotqizilgan, qolganlar boshqa tibbiyot muassasalariga yuborilgan.

Foto: MUSA SALGEREYEV/TASS

FVVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan, yana 80 kishi jarohat olgan. Jabrlanganlarning 60 nafardan ortig‘i shifoxonada qolmoqda, shundan 11 kishining holatini shifokorlar juda og‘ir deb baholagan.

Mahalliy telegram-kanallarda turli tibbiyot muassasalaridan kelgan ma’lumotlar asosida qurbonlar va jabrlanuvchilarning ro‘yxatlari e’lon qilingan. Ro‘yxatlarda portlash oqibatida jabrlanganlar orasida uch yoshli bola ham borligini ko‘rish mumkin. Qurbonlar orasida yana uch bola bor. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar portlashdan keyin bedarak yo‘qolgan yaqinlarining fotosuratlarini joylashtirmoqda va ular haqida qandaydir ma’lumot topishga harakat qilmoqda.