Uning ortidan qishloq egallangani haqidagi ma’lumotni Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi  rasmiysi Andrey Kovalev ham tasdiqladi.

Rossiya qismlari avvalroq boy berilgan Staromayorskedan sharqda joylashgan Urojayne posyolkasini tashlab chiqqani haqida rossiyalik Z-blogerlar o‘tgan hafta oxirlaridayoq yoza boshlagandi, ammo bu ma’lumot bugungi kunga qadar rasman tasdiqlanmagandi.

Urojayne — Mokriye Yali daryosi vodiysida, o‘tgan yili Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya va Donetsk oblastlari tutashgan hududda Ukraina mudofaasi ichkarisiga kirish orqali hosil qilgan hamda Ukraina qurolli kuchlariga qanotlardan muammo tug‘dirib turgan Vremivka bo‘rtig‘ida joylashgan qishloqlardan biri hisoblanadi.

Endilikda Vremivka bo‘rtig‘i ortiq mavjud emas — bu hudud Ukraina armiyasining yozgi yurishi davomida to‘liq uzib tashlandi; qolaversa, endi Ukraina qurolli kuchlarining o‘zi rossiyaliklarning jangovar tartibiga yorib kirdi va amalda bu uchastkada Rossiya mudofaasining ikkinchi, ya’ni asosiy chizig‘iga yetib keldi. Asosiy mudofaa chizig‘ining bu yo‘nalishdagi tayanch punkti hisoblangan Staromlinivka qishlog‘i Urojaynedan 2-3 km janubda joylashgan.

Ukraina QK yozgi qarshi hujumi davomida aynan Vremivka bo‘rtig‘ida eng ko‘p aholi yashash manzillarini ozod etgan. Ukrainlar Urojaynedan shimoli-g‘arbdagi Staromayorskeni qaytarib olgani avgust oyi boshida ma’lum bo‘lgandi va o‘shanda rossiyalik Z-pabliklar Urojayne mudofaasi uch kundan ortiq bardosh bera olmasligini taxmin qilgandi. Ammo Rossiya qo‘shini zaxiralarini olib kelib, tinimsiz hujumga o‘tgan holda uni yana ikki hafta davomida mudofaa qildi.

Urojayne nimasi bilan muhim?

BBC sharhlovchisi Ilya Abishev

Bu qishloq janub tomon siljiyotgan ukrain qo‘shinlarining chap qanotini himoya qiladi va Staromayorske bilan birgalikda kelgusida Azov dengizi tomon yurish qilish uchun anchagina katta platsdarm tashkil etish imkonini beradi - bu yerdan turib turli yo‘nalishlarda hujumga o‘tish mumkin.

Urojaynedan g‘arbroqda joylashgan Priyutne hududida to‘plangan Rossiya qismlarini Staromlinivkadagi asosiy kuchlardan uzib qo‘yish uchun zarba berilishi mumkin. Shuningdek, daryo yoqasi bo‘ylab Krasnaya Polyana qishlog‘i va keyin Mariupol tomon yurish qilinishi xavfi mavjud. Ukrainlarda boshqa variantlar ham bor.