Fransiyaning sobiq prezidenti, hali ham mamlakat siyosatida muhim rol o‘ynab kelayotgan Nikolya Sarkozi o‘zining «Urushlar vaqti» nomli yangi kitobi (bu uning «Bo‘ronlar vaqti» nomli siyosiy memuari davomi) chiqishi munosabati bilan Le Figaro gazetasiga katta intervyu berdi. Unda (jurnalist bilan Fransiyaning ichki siyosati va uning jinoiy ishi haqida suhbatlashib) Sarkozi 2008 yilda Vladimir Putinni Tbilisi yo‘lidan tanklarni qaytarishga qanday ko‘ndirgani va nima uchun u Rossiya prezidenti bilan muloqot zarurligiga ishonch komilligi haqida gapirib bergan. Sarkozi yana bir bor Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga kirishiga qarshi chiqqan.

Rossiyaning 2008 yilda Gurjistonga bostirib kirishi haqida

Ruslar — bu slavyanlar. Ular bizdan farq qiladi. O‘rtamizdagi munozara har doim qiyin va bizning umumiy tariximizda doimo ko‘plab tushunmovchiliklar keltirib chiqargan. Ammo shunga qaramay, biz ularga, ular esa bizga muhtoj.

2008 yilda Yevropa Ittifoqi kengashiga prezident bo‘lganimda Vladimir Putin bilan chuqur kelishmovchiliklarim bor edi. Men uni Tbilisidan 25 kilometr masofada turgan tanklarni ortga qaytarishga ko‘ndirdim. Gurjistonga bosqinni u boshladi. Ammo bu vaqtda, biz Angela Merkel bilan birgalikda uning «qizil chiziqlari» haqida bilishimizni ko‘rsatdik. Aynan shuning uchun ham biz AQShning kuchli bosimiga qaramay, Ukraina va Gurjistonni NATOga qo‘shishdan bosh tortdik.

Biz Putin uzoq vaqtdan beri Rossiya rahbariyatini vasvasaga solib kelayotgan G‘arbga qarshi paranoyyaga tushib qolishini istamasdik. «Kreml qamali» kompleksi eski hikoya. Putin xato qildi. Uning qilgan ishi jiddiy edi va muvaffaqiyatsizlikka olib keldi. Ammo buni aytib, oldinga harakat qilish va chiqish yo‘lini topish kerak. Rossiya Yevropaning qo‘shnisi va shunday bo‘lib qoladi.

Putin va u bilan kelishuvga erishish imkoniyati haqida

Prezident Emmanuel Makronning Putin bilan muzokara o‘tkazish niyati to‘g‘ri edi. Afsuski, u bu ishni oxirigacha olib bormadi, xususan, Sharqiy Yevropa davlatlarining bosimi tufayli. Menga Vladimir Putin endi men bilgan odam emasligini aytishdi. Mening bunga ishonchim komil emas. Men u bilan o‘nlab marta gaplashganman. U irratsional emas. Shuning uchun, kimdir bu boshi berk ko‘chadan chiqish xavfini o‘z zimmasiga olish kerak, chunki bu masalada Yevropa manfaatlari Amerikaniki bilan to‘g‘ri kelmaydi.

Biz g‘alati «urushsiz urush olib borish» g‘oyasiga amal qila olmaymiz. Ayniqsa, bu urush davom etsa, strategiyamizga aniqlik kiritishga majbur bo‘lamiz. Diplomatiya, muzokara va fikr almashish maqbul yechim topishning yagona vositalari bo‘lib qolmoqda. Murosasiz hech nima ishlamaydi va biz istalgan vaqtda hamma narsa nazoratdan chiqib ketishini tavakkal ostiga qo‘yamiz. Bu poroxli bochka dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.