Farg‘ona viloyati Quva tumani Akbarobod qishlog‘idagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 660 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 1986 yilda barpo etilgan muassasada shu vaqtga qadar ichimlik suvi muammo bo‘lgan. O‘tgan davrlar mobaynida iste’molga yaroqsiz suv tufayli o‘quvchilar o‘rtasida turli kasallikka chalinish holatlari ham urchigan. Maktabga tashqaridan traktor yordamida suv tashib kelingan. O‘tgan 2022 yilda ta’lim dargohiga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
Direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Karimov maktab jamoasi 2022 yilga qadar toza ichimlik suviga muhtoj bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.

“Maktabimiz 1986 yilda bunyod etilgan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar ichimlik suvi muammo bo‘lib kelgan. Men ham shu maktabda o‘qiganman. O‘quvchilik paytlarimda toza suv ichish orzu edi.

O‘tgan yilda maktabga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Bundan o‘quvchi va o‘qituvchilar, ota-onalar xursand. Suv tarmog‘i oshxona, ximiya, biologiya fani laboratoriyalarigacha tortilgan. Bir so‘z bilan aytganda maktab hududida toza ichimlik suvidan iste’mol qilinyapti”, – deydi u.

“12 nafar nevaram 3-maktabda o‘qiydi. Avvallari maktab hududida ichishga yaroqsiz suv iste’mol qilingan. Ota-onalar idishlarga qaynatilgan suv yoki choy to‘ldirib, farzandlarini maktabga jo‘natishgan. Yaratganga shukr, maktabga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.

O‘tgan damlarda maktab hududida suv chiqqan. Lekin iste’molga yaroqsiz edi. Suv quvurlari chirib ketgan, zaxob suv aralashgan suvni ichgan odam kasallikka chalinardi. Mana, hozirda maktab o‘quvchilari toza ichimlik suvidan ichishyapti”, – deydi mahalla faoli Hamrali Jarqinov.
















